2019 yil 12 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to`g`risida»gi qonun loyihasi ko`rib chiqildi.
Qayd etilganidek, loyihada Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari, tuzilishi, shaxsiy tarkibi, huquqiy holati, faoliyat yo`nalishlari, qonun loyihasida qurol-yarog`, jismoniy kuch ishlatish tartibi hamda maxsus vositalarni qo`llash, xizmatga kirish va xizmat o`tashning umumiy shartlari hamda qoidalari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish choralari aniq bayon etilgan.
Ta`kidlash joizki, loyihada umummilliy qadriyatlarga tayangan holda, Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, fuqaro hamda shaxsning huquq va erkinliklariga rioya qilinishi, harakatchanlik, tezkorlik, doimiy jangovar tayyorgarlik va bo`linmalarning o`zlariga qo`yilgan vazifalarni samarali hal qilish tamoyillari qamrab olingan.
Loyihani ishlab chiqishda milliy qonunchilik, shuningdek, Rossiya, Belorus, Ukraina, Qozog`iston kabi xorijiy davlatlarning tajribasi atroflicha tahlil qilingan. Mazkur qonun loyihasi 2019 yil 12 iyunda regulation.gov.uz saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilib, kelib tushgan takliflar asosida loyihaga tegishli o`zgartirishlar kiritilgan.
Ushbu qonun loyihacining qabul qilinishi Milliy gvardiya shaxsiy tarkibining o`z xizmat va harbiy majburiyatlarini ishonchli, tashabbuskorlik asosida, aniq qonunga tayangan holda amalga oshirishiga mustahkam huquqiy zamin yaratadi.
Deputatlar mazkur qonun loyihasini istisno tariqasida bir yo`la uch o`qishda qabul qilish taklifini bildirdilar. Taklif ma`qullandi va qonun uch o`qishda qabul qilindi.






