AsosiyJamiyat

O`quvchini mayib qilayotgan ko`rinmas va samarasiz milliardlar

'O`quvchini mayib qilayotgan ko`rinmas va samarasiz milliardlar'ning rasmi

Bu boradagi fikrlarimni respublikamizdagi “Ona tili” ta`limi bo`yicha asoslashga harakat qilaman

Keraksiz mavzular

Ona tili bo`yicha hosil qilinadigan malakani ikkiga ajratish mumkin: 

1) til jamiyatidan o`zlashtiriladigan malaka (fonetik va grammatik malaka);

2) maktabda egallanadigan malaka (imlo, punktuasiya, leksika va b.)

Fonetika va grammatikaning imlo bilan bog`liq jihatidagina ta`limga ehtiyoj sezamiz. Fonetika va grammatikaga doir bundan boshqa bilimlarni keraksiz bilim deyish mumkin. Shu asosda ona tilidan “kerakli” (ishlaydigan) va “keraksiz” (ishlamaydigan) bilimni farqlash lozim. Ona tili darsliklariga yillar davomida kirib qolgan va “ishlamaydigan”, ta`limiga davlat mablag`i, o`quvchining vaqti va ota-onaning puli behuda sarflanayotgan bunday mavzularni qanday ajratamiz?

Ayrim dalillarni keltiraman: 

1.Urg`u bilan bog`liq mavzular. O`zbek tili – agglyutinativ til. Bunday tillarda grammatika juda rivojlangan, shuning uchun so`z ma`nolarini urg`u farqlamaydi va u nutqda sezilarsiz bo`ladi (ko`zlar – “ko`p ko`z”; ko`zlar – “mo`ljallar”). Uni ta`lim bilan rivojlantirish imkonsiz. O`zbek tilidagi so`z urg`usi qoidalar asosida aniqlanadi, nafaqat o`quvchi, hatto o`qituvchining o`zi ham uni topishda qiynalishining sababi ana shunda. Uni o`qitishga hech qanday hojat yo`q. Bu mavzu 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 5 soat hajmida o`qitiladi. 

2.So`z yasalishi bilan bog`liq mavzular. Til egalari nutqida so`z yasamaydi, balki (tubmi, yasamami) tayyor so`zdan foydalanadi. So`z yasamas ekanmiz, bu bo`yicha bilimlar ham ishlamaydi. Demak, bu mavzu ta`limi ham keraksiz. Mavzu 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 12 soat o`qitiladi. 

3.So`zlarning birikish usullari (boshqaruv, moslashuv, bitishuv) bilan bog`liq mavzular. Og`zaki va yozma nutq uchun bu bilimlar ham mutlaqo ishlamaydi. Qolaversa, mutaxassis sifatida ayta olamanki, bu mavzular rus tili grammatikasidan aynan ko`chirilgan, o`zbek tili tabiatiga sira ham mos emas. Bu mavzuga ham 1-sinfdan 11-sinfgacha taxminan 5 soat ajratilgan. 

Yana juda ko`p misol keltirish mumkin. Ammo fikrimizni asoslash uchun ushbu dalillar etarli. 

Sovurilayotgan mablag`lar 

Mamlakat bo`yicha bir sinf uchun mo`ljallangan “Ona tili” darsligi taxminan 500 ming nusxada chop etiladi. Demak, bir darslikni yilda shuncha o`quvchi o`qiydi. Agar, bir sinfda 30 nafar o`quvchi o`qisa, respublika bo`yicha taxminan 16 ming sinf bor. Har bir sinfda o`tiladigan 1 soatlik mavzu uchun davlat xazinasidan 1 soat ga mablag` to`lanadi. 16 ming sinfda bir soatlik mavzu 16 ming soat bo`ladi. Agar bir soatlik dars uchun o`qituvchiga to`lanadigan ish haqi o`rtacha 30 ming so`m bo`lsa, 16 ming soatga taqriban 480,0 mln so`m mablag` sarflanadi. Bundan kelib chiqadiki, faqat yuqorida keltirilgan “keraksiz” mavzularga bag`ishlangan 22 soatga taxminan 10 mlrd 560 mln so`m ketadi. 

 

Shunday qilib, “Ona tili” darsliklarini tahlil qilish natijasida keraksiz, til malakasi uchun “ishlamaydigan”, faqat bilim sifatida qoladigan jami 312 soatlik mavzuni aniqladim. Bu mavzular o`quvchilarga bemisl og`ir va ortiqcha yuk bo`layotir, o`qituvchilarga esa behad katta tashvish tug`dirmoqda. Ular OO`Yuga kirish testlaridan boshqa hech narsaga yaramaydi (bular, albatta, mening shaxsiy fikrlarim va zarur bo`lsa, bu masalada mutaxassislar bilan bahslashishga tayyorman). 

 

Ko`rinadiki, birgina “Ona tili” ta`limi foydasiz mavzulari bilan davlat xazinasiga qanchalik zarar keltiradi? Yana nazariy mavzularni “takrorlash” uchun berilgan qanchadan-qancha mavzular, darsliklarda bu mavzularga ajratilgan sahifalar, o`quvchining vaqt byudjeti, sog`ligi, ota-onaning repetitorga qiladigan xarajatini ham hisobga olsak-chi? 

Taklif 

1) “Ona tili” darsliklarini ayovsiz “filtr”dan o`tkazib, bo`sh qolgan soatlarni ona tilidan zarur va hayotiy kompetensiya uchun “ishlaydigan” bilim materiallari bilan to`ldirish lozim; 

2) boshqa o`quv predmetlarini ham shu yo`sinda taftish qilib chiqish zarur. 

Bu milliy boyligimizni havoga sovurishdan saqlanishga va mamlakatimiz ravnaqi uchun har bir tiyinni oqilona sarflashga olib keladi. 

Baxtiyor Mengliev, 

filologiya fanlari doktori, professor

    Boshqa yangiliklar