1

Yangi yildan boshlab xorijdan kelishda “sovg`a-salomlar” uchun ham boj to`lanishiga oydinlik kiritildi.

Jamiyat 15.11.2019, 10:20
Teglar: Bojxona
Yangi yildan boshlab xorijdan kelishda “sovg`a-salomlar” uchun ham boj to`lanishiga oydinlik kiritildi.

Davlat Bojxona qo`mitasi Yangi yildan boshlab chegara postlaridan o`tishda o`z ehtiyoji uchun olingan narsalarga ham boj to`lanishi bo`yicha kelgan savolga javob berdi.

“Men xorijda ishlayman. O`zbekistonga ko`pincha avtobusda qaytaman. Ayrim tanishlarimining aytishlaricha yangi yildan uyga, bola-chaqamizga deb olgan sovg`a-salomlarga ham bojxonadan o`tishda boj to`lar ekanmiz. Shu rostmi? Masalan, 5-6 kg. shokolad olsam, bolalarimga 2-3 dona kiyim-kechaklar, uyga bironta televizor olsam – bularning bari shaxsiy ehtiyojim uchun. Men bundan tijorat maqsadini ko`zlamaganman. Shu savolga atroflicha javob bersangiz”.

Javob:

  • Bu savolga javob berish uchun jismoniy shaxsning qaysi o`tkazish punkti orqali kirib kelishini oydinlashtirish kerak. Savol egasi avtobusda kirib kelishini ma`lum qilgan. Demak, ushbu shaxs respublikamizga qo`shni davlatdan avtomobil va piyoda o`tkazish punkti orqali kirib keladi.

Bunda ularga 300 AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi tovarlarni bojsiz olib kirishlariga ruxsat etiladi. (Bu ko`rsatkich xalqaro aeroportlar orqali kirib kelganda - 2000 AQSh dollari, temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali kirib kelganda - 1000 AQSh dollarini tashkil qiladi.)

Agar olib kelingan tovarlarning jami qiymati 300 AQSh dollaridan oshsa, oshgan qismigagina (masalan, tovarlarning jami qiymati 350 AQSh dollarini tashkil qilsa, ortiqcha 50 AQSh dollari qiymatidagi tovarlarga) yagona bojxona to`lovi undiriladi.

Yagona bojxona to`lovi stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrami uchun 3 AQSh dollardan kam bo`lmagan miqdorida undiriladi.

Masalan, belgilangan me`yorlardan ortiqcha olib kirilgan tovarlarning bojxona qiymati 50 AQSh dollarini tashkil qilsa, u holda 15 AQSh dollari miqdorida yagona bojxona to`lovi undiriladi.

Ortiqcha yuklar 50 AQSh dollariga baholansa-yu, ammo ularning og`irligi 7 kg.ni tashkil qildi deylik. Bu vaziyatda har bir kilogrami uchun 3 AQSh dollardan kam bo`lmagan miqdorda ya`ni, yuqoridagi holatda 21 dollar to`lov undiriladi.

Shuningdek, ahamiyat berish lozim bo`lgan yana 3 ta muhim jihat bor.

1) Ma`lumki, ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan me`yorlari mavjud. Masalan,

alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha,

barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha,

atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha,

qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha olib kirish mumkin.

Unutmang, bu tovarlar yuqoridagi me`yorlardan ortiqcha olib kirilganida, ularga nisbatan yagona bojxona to`lovi tatbiq etilmaydi.

Ya`ni, atir 3 dona emas, 5 dona olib kirilsa,  ortiqcha olib kirilgan 2 tasi uchun 30 foiz stavkada bojni to`lab, olib kirish mumkin degan yanglish fikrga bormaslik kerak.

Bu tovarlar olib kirish me`yorlaridan ortgan taqdirda bojxona to`lovlari umumbelgilangan tartibda to`lanadi.

Ya`ni, tovar turiga qarab, import boji, aksiz solig`i va QQS belgilangan stavkalar bo`yicha undiriladi.

2) Shuningdek, piyoda, avtomobilda va temir yo`lda kirib kelganda 20 turdagi maishiy texnika buyumlari, ofis texnikalari va boshqa jihozlarni har 6 oyda chegarani birinchi marotaba kesib o`tayotganda faqat 1 donadan olib kirish mumkinligini unutmaslik kerak.

Sodda tilda aytganda jismoniy shaxs agar o`zi bilan maishiy texnika vositalarini olib kirayotgan bo`lsa, u holda uning tovarlariga 300 AQSh dollarlik bojsiz limitni qo`llash uchun u so`nggi 6 oy davomida birinchi marotaba kirib kelayotgan bo`lishi kerak.

Agar u 6 oy ichida takroriy ravishda kirib kelgan bo`lsa, u holda uning maishiy texnikalariga ham yagona bojxona to`lovi undiriladi.

Masalan, savol muallifi televizor olib kermoqchiligini ma`lum qilgan. Aytaylik, televizorning bojxona qiymati esa 250 AQSh dollari. Qiymatidan kelib chiqilsa, ushbu tovarning yagona bojxona to`lovi – 75 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Unutmang, agar 6 oy ichida birinchi marotaba kirib kelayotgan bo`lsangiz, siz bu to`lovdan ozodsiz!

3) Boshqa turdagi tovarlarni (ya`ni, yuqorida ta`kidlangan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari, ofis texnikalari va boshqa jihozlardan tashqari) piyoda, avtomobilda va temir yo`lda kirib kelishda 1 oyda 1 marotaba bojxona to`lovlarisiz olib kirishga rusxat etiladi.

Bunda har bir nomdagi tovardan 2 kg.gacha (bo`linmaydigan tovarlar bundan mustasno) olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, mazkur tovarlarning umumiy og`irligi 10 kg.dan oshmasligi kerak.

Demak, 20 turdagi maishiy texnika vositalaridan tashqari olib kelingan yuklarning faqat 10 kg.ini bojsiz olib kirish mumkin.

Ya`ni, yuqoridagi savolda ta`kidlangan 5 kg. shokolad olib kirilganda, ushbu shokoladlarning barchasi bir xil nomdagi mahsulot bo`lsa, u holda uning 2 kg.ini bojxona to`lovlarisiz olib kirish mumkin. 3 kg.iga esa yagona bojxona to`lovi undiriladi.

Aytaylik, shokoladning bojxona qiymati har bir kilosi uchun - 5 AQSh dollari bo`lsa, 3 kilo shokoladning jami qiymati 15 dollar bo`ladi. Bunda yagona bojxona to`lovi stavkasi 5 dollar hisoblanadi.

Lekin, yagona bojxona to`lovining har bir kilogrami uchun 3 AQSh dollardan kam bo`lmasligi haqidagi talabni inobatga olsak, 3 kg. shokolad uchun minimum – 9 AQSh dollari miqdorida yagona bojxona to`lovi undiriladi.

Unutmang, yagona bojxona to`lovi umumbelgilangan tartibdagi bojxona to`lovlaridan ko`ra ancha tejamli hisoblanadi.

Ahamiyat bering! Agar siz bojsiz olib kirish me`yorlaridan ortiqcha olib kirganingizda

- kolbasa va sosiska mahsulotlariga - 93,9%,

- gilamlarga - 110,7 %,

-shokoladga – 61 %

- pishloqqa – 44 % miqdorida bojxona to`lovlarini to`lagan bo`lar edingiz.

Sharhlar

Toshkentda 175 million so`mlik jami 25 ming quti tamaki mahsulotlari yoqib yuborildi (foto)

30.09.2022, 19:13

Bugun, 30 sentyabr kuni Toshkent noqonuniy muomaladan olib qo`yilgan 175 million so`mlik jami 25 ming quti tamaki mahsulotlari yo`q qilindi. Bojxona xodimlari huquq-tartibot idoralari xodimlari...
"Farg`ona xalqaro aeroporti" chegara-bojxona posti boshlig`i qo`lga olindi

08.07.2022, 12:01

Farg`ona aeroportidagi bojxonachilarning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi. Ma`lum qilinishicha, "Farg`ona xalqaro aeroporti" chegara-bojxona posti boshlig`i vazifasini bajaruvchi A.S....
«Andijon» bojxona posti boshlig`i va uning ikki xodimi hibsga olindi

07.04.2022, 13:47

Xabaringiz bor, 2022 yil 17 fevral kuni Prezident bojxona tizimini yanada isloh qilish va korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazib,  Davlat bojxona qo`mitasiga...
Andijonda noqonuniy kosmetika vositalari aniqlandi

14.12.2021, 21:50

Bojxona organlari tomonidan tovar moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.Xususan, Andijon aeroportiga xorijiy aviareys bilan uchib kelgan fuqaro Z.O`....
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1