O`zbekistonning Ashxoboddagi elchixonasida sayyohlik vizasini olish uchun yuzlab odamlar navbatda turibdi. Bu haqda Türkmen.news xabar berdi.
Nashrning xabar berishicha, erta tongdan elchixona yonida 250dan ortiq odam to`planyapti. Kun davomida bu son ortib boradi. Navbatda turganlarning aksariyati Lebap va Dashoguz viloyatlari aholisi, ular orasida keksalar va yosh bolalar ham bor, deyiladi xabarda.
Ma`lum bo`lishicha, turkmanistonliklarning ko`pchiligi qo`shni mamlakatdagi bankomatlardan turkman bank kartalaridan naqd pul echib olish hamda iste`mol tovarlarini sotish uchun O`zbekistonga yo`l olmoqda.
20 kunlik viza olgan fuqaro O`zbekistonga bir necha bor kirib chiqishi mumkin. U o`zi bilan qarindoshlari, tanishlarining kartalarini olib, ular mablag`larini naqdlashtirib beradi. Buning uchun u karta egalaridan 100-150 manatdan oladi. Har bir dollar uchun 3,5 manat sarmoya kiritgan aholi qora bozorda dollarni 19 manatdan qayta sotmoqda, deya yozadi nashr.
Türkmen.news muxbiri bilan suhbatlashgan ba`zi turkmanistonliklar daromadning ushbu turiga nisbatan cheklovlar kuchaytirilayotgani haqida gapirgan. “Oktyabr oyining so`ngida men Shovotda (Turkmaniston bilan chegaradosh O`zbekiston hududi) terminal orqali bitta ham to`lovni amalga oshirolmadim, yozda 45-50 dollargacha to`lovlarni o`tkazish mumkin edi. Uyga bor-yo`g`i 10 dollar olib keldim», - deydi nashrning suxbatdoshi.