Dunyoning ko`plab mamlakatlarida fuqarolarning qurol olib yurishiga ruxsat berilgan. Hatto ayrim mintaqalarda qurol-yarog` oldi-sotdisi bilan shug`ullanuvchi do`konlar ham faoliyat ko`rsatadi. Ma`lumotlarga ko`ra, birgina AQSh fuqarolari o`zini himoya qilish uchun bir yilda 2 milliondan ortiq marta o`q otar qurollardan foydalanar ekan.
Joriy yilning 29 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan O`zbekiston Respublikasining “Qurol to`g`risida”gi qonuni imzolandi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qonun Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingandan so`ng aholi o`rtasida turli munozaralarga sabab bo`ldi. Ular bu qonun bizga kerakmi, kimlarga qurol bilan muomala qilishga ruxsat beriladi, bu faoliyatni qaysi organ nazorat qiladi, kabi savollar bilan chiqishdi.
Mutaxassislarning fikriga ko`ra, “Qurol to`g`risida”gi qonunni qabul qilishdan maqsad mamlakatimiz hududida qurol va uning o`q-dorilari muomalasi bilan bog`liq munosabatlarni tartibga solish, fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini, mulkini himoya qilishga hamda jamoat xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Rahmonovning ta`kidlashicha, qurolga egalik qilish, sotish va quroldan O`zbekiston hududida foydalanish mazkur qonun bilan tartibga solinadi. Misol uchun qurollar uch turga bo`linadi: fuqaroviy qurol, xizmat quroli va jangovar qurol. Fuqaroviy qurol – ov quroli, sport quroli va o`zini o`zi himoya qilish (gaz ballonchalari, mexanik tarqatuvchilar va aerozol, elektroshok uskunalari, uchqun chiqaruvchi qurilmalar) qurollari.
Qonunda qurolni va uning o`q-dorilarini olish huquqiga ega bo`lgan sub`ektlar ro`yxati belgilangan. Maxsus organlar va harbiy tuzilmalar, maxsus xizmat vazifalariga ega bo`lgan, qurol ishlab chiqarish va uni realizasiya qilish, ovchilik va otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug`ullanadigan yuridik shaxslar, qurolni kolleksiyalash yoki ko`rgazmaga qo`yish bilan shug`ullanadigan yuridik va jismoniy shaxslar, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar ana shu ro`yxatga kiradi.
Fuqaroviy qurollarni sotib olish uchun ruxsatnoma Milliy gvardiya tomonidan uch oy muddatga beriladi. Sport qurollari va o`zini o`zi mudofaa qurollarini sotib olish huquqiga 18 yoshdan oshgan, fuqaroviy ov qurollari va ularning o`q-dorilarini sotib olish huquqiga esa 21 yoshdan oshgan fuqarolar ega bo`ladi.
Fuqaroviy quroliga ega bo`lishning qat`iy tartib va talablari mavjud, istagan kishi uni sotib olish va foydalanish imkoniyatiga ega bo`lmaydi. Shuningdek, birovning nomiga olingan ruxsatnoma bilan boshqa odam qurol yoki o`q-dorilarni sotib ololmaydi. Sotib olingan qurollar esa Milliy gvardiya organlarida 10 kun muddat ichida ro`yxatga olinadi va shundan so`ng fuqaroga uni saqlash va olib yurishga ijozat beriladi.
Milliy gvardiyaga qanday vakolat berilgan? Qurolni ko`cha-ko`yda ko`tarib yurishga ruxsat bormi?
– Qonunning 40-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o`q-dorilari muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya organlari tomonidan amalga oshiriladi, – deydi O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi yuridik ta`minlash va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig`i, adliya polkovnigi Ilhom Turg`unov. – Xususan, fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o`q-dorilari muomalasi sohasida lisenziya va ruxsatnomalar berish, lisenziyalar va ruxsatnomalar talablari hamda shartlariga rioya etilishini tekshirish, qurol va uning o`q-dorilari ishlab chiqariladigan, ta`mirlanadigan, realizasiya qilinadigan, saqlanadigan hamda yo`q qilinadigan joylarda ularni ko`zdan kechirish kabi nazoratlar Milliy gvardiya organlarining vakolatlariga kiradi.
Shuningdek, mazkur yo`nalishda lisenziya va ruxsatnomalar egalari zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilash, lisenziyalar va ruxsatnomalar amal qilishini to`xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish huquqi ham shu tashkilot zimmasiga yuklanadi.
Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o`q-dorilari muomalasi ustidan davlat nazorati boshqa organlar tomonidan ham o`z vakolatlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.
Aholining qurolni ko`cha-ko`yda ko`tarib yurishga ruxsat beriladimi, degan savoliga javob beradigan bo`lsak, qonunda fuqaroviy va xizmat qurolini olib yurish bilan bog`liq cheklovlar belgilangan.
Jumladan, fuqarolarning o`zini o`zi himoya qilish maqsadida fuqaroviy qurolni (bundan o`zini o`zi himoya qilish quroli mustasno), sovuq qurolni hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan, sport va xo`jalik-maishiy maqsadlar uchun mo`ljallangan ashyolarni olib yurishi man etiladi.
Mitinglar, ko`cha yurishlari, namoyishlar va boshqa ommaviy tadbirlar o`tkazilganda, ko`ngilochar va hordiq chiqarish uchun mo`ljallangan joylarda, ta`lim, tibbiyot muassasalarida hamda qurol olib yurish taqiqlangan boshqa jamoat joylarida bo`lgan vaqtda alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast holda fuqaroviy qurolni olib yurish taqiqlangan.
Shuningdek, jamoat joylarida, jumladan, shahar, shahar shaharlararo va xalqaro transportda qurolni ochiq holda (g`ilofsiz) olib yurish ham mumkin emas.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, qurol bilan sodir etilgan har qanday jinoyat jinoiy javobgarlikni og`irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi.
Noqonuniy muomalada bo`lgan (ruxsatnomasiz) qurollari mavjud bo`lgan fuqarolarimizdan bunday qurollarni Milliy gvardiyaning nazorat-ruxsat berish faoliyati bo`limlariga topshirishlarini so`raladi.
Umuman olganda, Milliy gvardiya tizimida olib borilayotgan islohotlar hamda qabul qilinayotgan ushbu davlat organining faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi qonun hujjatlari mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.