Hukumat qarori bilan Er uchastkalari olib qo`yilishi va olib qo`yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlari mulkdorlariga kompensasiya berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra:
* er uchastkasini olib qo`yishga zarurat tug`ilganda birinchi navbatda hokimlik yoki investor va mulkdorlar o`rtasida OAV ishtirokida ochiq muhokama o`tkaziladi;
* hokimlik yoki investor tomonidan dastlabki hisob-kitoblar amalga oshiriladi, shuningdek, kompensasiya berish uchun etarli resurslar mavjudligi o`rganiladi;
* Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan er uchastkasi olib qo`yilishidagi foyda va xarajatlar o`rganib chiqiladi, resurslar etarli bo`lganida hamda foyda va xarajatlardan ustun kelgan taqdirda er uchastkasini olib qo`yish to`g`risidagi qaror qabul qilinadi. Hokimliklar er uchastkasi olib qo`yish to`g`risidagi qaror qabul qilishga vakolatli emas;
* olib qo`yilishi rejalashtirilayotgan er uchastkasidagi ko`chmas mulklar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi;
* hokimlik yoki investor va mulkdorlar o`rtasida kompensasiya turi, miqdori va berish muddati kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi;
* hokimlik yoki investor tomonidan mulkdorlarga kompensasiya berish ishlari amalga oshiriladi.
Kelishilgan kompensasiya berilmaguncha ko`chmas mulklar buzib tashlanishiga yo`l qo`yilmaydi.
Mulkdorlarga kelishilgan kompensasiya berilganidan so`ng:
* mulkdor tomonidan ko`chmas mulk bo`shatib beriladi;
* hokimliklar tomonidan ko`chmas mulkni buzib tashlash to`g`risidagi qaror loyihasi adliya organlariga xulosa olish uchun yuboriladi;
* adliya organlari kompensasiya berilganligi, uy-joylar amalda to`liq bo`shatilganligi va boshqa holatlarni o`rganadi va o`z xulosasini hokimliklarga taqdim etadi;
* adliya organlarining xulosasi ijobiy bo`lgan taqdirdagina ko`chmas mulkni buzib tashlash to`g`risidagi qaror qabul qilinadi.
Olib qo`yiladigan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlarini boshqa shaxsga o`tkazishga Kelishuv imzolanganidan so`ng tashabbuskorning yozma rozilik xati mavjud bo`lgan taqdirda yoki Kelishuv (Kelishuvda nazarda tutilgan tartibda, taraflarning roziligi bilan yoki sud tartibida) bekor qilingan hollarda yo`l qo`yiladi.
Buzib tashlanadigan ko`chmas mulk ob`ektini sotib olgan mulkdor mazkur Nizomga muvofiq tuzilgan Kelishuvdan kelib chiquvchi avvalgi mulkdorning huquq va majburiyatlari bo`yicha huquqiy voris hisoblanadi.
Er uchastkalari olib qo`yilishi, ko`chmas mulk ob`ektlarini buzib tashlash, fuqarolarni ko`chirish, shuningdek, kompensasiyalar berishda qonun talablari ijrosini nazorat qilish prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur tartib 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Eslatib o`tamiz, er uchastkasini olib qo`yish tartibini buzganlik uchun, shuningdek, ushbu tartibni buzish natijasida ko`chmas mulkka zarar etkazganlik uchun ma`muriy javobgarlikni kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash bo`yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan