“O`zenergoinspeksiya”ning xulosasiga asosan 164 million so`mdan ziyod mablag` tadbirkorga nisbatan ortiqcha hisoblanganligi aniqlanib, sud tomonidan ajrim chiqarildi.
Tadbirkorlarni elektr energetika sohasidagi qonun, qaror va me`yoriy hujjatlar bilan tanishtirib borish, ularning haq-huquqlari bo`yicha tushuntirish ishlarini olib borish “O`zenergoinspeksiya”ning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanib, bu yo`nalishdagi tashkil etilayotgan o`quv seminarlari, uchrashuv va suhbatlar o`z samarasini bermoqda.
Inspeksiya mutaxassislari tomonidan muntazam o`tkazib kelinayotgan iste`mol hisobotlarini to`g`ri yuritish, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishni oldini olish bo`yicha profilaktik ishlarning natijasi tadbirkorlarni elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga qat`iy rioya etishlarida o`z aksini topmoqda.
“O`zenergoinspeksiya” faoliyati davomida tadbirkorlar, huquqni himoya qiluvchi va sud organlari murojaatlariga asosan turli masalalarda o`z xulosalarini berib kelmoqda.
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “Tex Yunol Servis” MChJ foydalanilgan elektr energiyasi uchun “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan 164 931 310 so`m miqdordagi qarzdorlik hisoblangani va ushbu da`vo Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudi tomonidan qanoatlantirilganligi, biroq tadbirkor bunday qarordan norozi ekanligi va bu haqida Toshkent shahar Iqtisodiy sudining kassasiya instansiyasiga shikoyat taqdim etganini bildirib, mazkur masalada yordam berishini so`rab “O`zenergoinspeksiya”ga murojaat qildi.
Toshkent shahar Iqtisodiy sudining kassasiya instansiyasi ochiq sud majlisida ishtirok etgan inspeksiya mutaxassisining amaldagi qonun va qoidalar asosida taqdim etgan xulosasiga ko`ra, tadbirkor foydalangan elektr energiyasi uchun hisoblangan 164 million so`mdan ziyod mablag` undirilishi asossiz deb topilib, Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining qarori o`zgartirildi.
Ushbu mablag` tadbirkor foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi bo`yicha sud tomonidan ajrim chiqarildi va tadbirkorning qonuniy haq-huquqlari himoya qilinishiga erishildi.