Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Bektemir tumani 293-sonli umumta`lim maktabiga begona ayolning kirganligi bo`yicha xabarlar tarqalgan. Mazkur holatga Toshkent shahar Xalq ta`limi bosh boshqarmasi aniqlik kiritdi.
Unga ko`ra, joriy yilning 16 noyabr kuni soat taxminan 15:30larda maktabga jiyanini olib ketish uchun keldim deb tanishtirgan noma`lum shaxs (jinsi ayol) maktab navbatchisidan kun sovuq bo`lgani uchun maktab oshxonasidan issiq choy olib ichishga ruxsat so`rab kiradi. Oshxonada o`tirgan 5-6-sinf o`quvchilariga oshxonadan olgan o`zi ichib o`tirgan choydan ichishni taklif etgan. Shu vaqt oralig`ida darsga qo`ng`iroq chalinadi va bolalar darsga biroz kech qoladi. Holatga aniqlik kiritish uchun sinf rahbari N.Ansarova oshxonaga tushgan va o`quvchilar atrofida bo`lgan notanish shaxs haqida maktab rahbari N.Tadjibaevani ogohlantiradi. Maktab rahbari N.Tadjibaeva shu zahoti oshxonaga tushib noma`lum shaxs bilan savol-javob o`tkazib, berilgan savollarga aniq javob bera olmagan fuqaro bo`yicha darhol tuman IIB xodimlariga xabar qiladi. Maktabga kelgan tuman IIB xodimlari fuqaroni tezkorlik bilan suhbatga tortib, unga tegishli bo`lgan sumka va kiyimlarini tekshirishadi. Tekshiruv natijasida qo`lidagi sumkasidan ukol olish uchun olgan shpris borligi aniqlanadi. Bu jismlarni fuqaro o`quvchilarga ko`rsatmagan va o`quvchilarning sog`ligiga zarar etkazadigan hech qanday xatti-harakat qilmaganligi aniqlanadi.
Shuningdek, tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv qilinganda ushbu fuqaro (08.04.1996 yil tug`ilgan Kaunbaeva Maxliyo Azimjon qizi) Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, IIBda bedarak yo`qolganlar ro`yxatida ekanligi va sog`ligida muammosi (ruhiy xasta) borligi ma`lum bo`ldi. Yashash joyi aniqlanib fuqaroning onasi (Miramitova Muhabbat) va Olmaliq shahar IIB xodimlarining qo`liga topshirilgan.
Fuqaroning onasi farzandini sog`ligida muammosi borligini, lekin hech kimga zarari tegmasligini tasdiqlab, adashib kelib qolganligini ma`lum qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu ma`lumotlar noto`g`ri ekanligini bildiramiz.
Barcha maktab rahbarlariga doimiy ravishda har bir holatni nazorat qilish zarurligini va begona shaxslarni umumta`lim maktablariga kiritish ta`qiqlanishi bo`yicha topshiriq berildi.