1

Toshkentdagi masjid imomi sheriklari bilan birga ehson pullarini "ko`kka sovurdi"

Jinoyat 22.11.2019, 16:57
Toshkentdagi masjid imomi sheriklari bilan birga ehson pullarini "ko`kka sovurdi"

Mo`min-musulmonlar uchun imom-xatibning har bir so`zi va ishi ibratdir. Shuning uchun imomlar jamoat joylarida, xalq orasida namuna bo`lishlari lozim. Hayot shunday, oddiy odamda qancha kamchilik bo`lsa ham unga unchalik e`tibor berilmaydi. Ammo elga pandu nasihat qiladigan imomda ozgina nuqson sezilsa, xalq ko`nglida darrov «Bu imom xalqni bir ishga da`vat qilar ekanu, o`zi boshqa ishni qilarkan» degan shubha paydo bo`ladi.

Bugungi kun imom-xatiblari zimmasidagi yuksak mas`uliyatni his qilayaptimi? Afsuski, onda-sonda bo`lsa ham ba`zilarining qing`ir ishlari haqidagi xabarlarni eshitayapmiz. Xususan, poytaxtimizdagi “Bo`rijar” jome` masjidining imom-xatibi o`z mutavallisi hamda bog`boni bilan qilgan ishlar odamlarni ranjitishi tayin.

X.A. (ism-familiyalar o`zgartirilgan) O`zbekis­ton musulmonlar idorasi raisining buyrug`i bilan 2014 yilda Chilonzor tumanidagi “Bo`rijar” jome` masjidining imom-xatibi vazifasiga tayinlanadi. Oradan ikki yil o`tar-o`tmas X.A. masjid mutavallisi vazifasiga A.V.ni tayinlagan bo`lsa, A.A.ni bog`bon qilib ishga oladi.

X.A. o`ziga yaqin insonlarni yoniga olgach mansabini suiiste`mol qila boshlaydi. U A.V. va A.A. bilan til biriktirgan holda masjidning ehson qutilariga tushgan pulni qayd etish dalolatnomasida to`liq ko`rsatmasdan, unga sox­ta ma`lumot kiritadi. Dalolatnomalarda faqat bankka topshirilgan pullarni ko`rsatib, qolgan pullar masjidning turli ehtiyojlari uchun ishlatish vaji bilan olib qolinaveradi.

Ma`lum bo`lishicha, 2016-2017 yillar va 2018 yilning fevral-iyun oylarida masjidning ehson qutilariga jami 912 million 559 ming so`m, 1605 AQSh dollari, 110 Rossiya rubli va 200 qozoq tengesi tushadi. Uchovlon shu pullardan masjidning hisob raqamiga 361 million 756 ming so`mini topshirishgan ekan xolos. Qolgan 550 million 803 ming so`m va xorijiy valyutalarni bankka kirim qilishmaydi. Ya`ni 550 million 803 ming so`mdan 197 million 196 ming so`mini masjidning rasmiy va norasmiy xodimlariga oylik ish haqi qilib berishadi. Qolgan 217 million 813 ming so`m va xorijiy valyutani talon-toroj qilishadi. Bundan tashqari, X.A. masjid to`lashi kerak bo`lgan 83 million 502 ming so`m soliq va boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan bo`yin tovlagan.

X.A., A.V. va A.A.ning qilmish­lari jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan ko`rib chiqildi va ularga qonuniy jazo tayinlandi.

Dilshod TOShTEMIROV, departamentning Chilonzor tumani bo`limi boshlig`i

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1