Xalq ta`limi vazirligining ma`lum qilishicha, maktablarda turniketlar o`rnatish bahonasida noqonuniy pul yig`ilishiga yo`l qo`yilishi mumkin emas!
“O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligiga umumta`lim maktablarida ota-onalardan pul yig`ib, turli xildagi turniketlar o`rnatilishi va ularning talab asosida faoliyat yuritmayotgani bo`yicha murojaatlar kelmoqda.
Ma`lum qilamizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2019 yil 23 avgustda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o`qituvchi mavqeini oshirish masalalariga bag`ishlab o`tkazilgan videoselektor majlisi bayonining 15-bandi bilan Xalq ta`limi vazirligiga ijtimoiy hamda mobil operator tarmoqlari orqali ota-onalarning o`z farzandi tarbiyasidagi mas`uliyatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy xabarlarni yuborish tizimini joriy etish, shuningdek, tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahridagi umumta`lim muassasalarida o`quvchilar davomatini nazorat qilishning elektron axborot tizimini yaratish vazifalari yuklatilgan.
Ushbu yo`nalishda xususiy sektor investisiyalari jalb qilinib, elektron axborot tizimi tajriba-sinovdan o`tkazilmoqda.
Tajriba-sinovlar yakuniga qadar umumta`lim muassasalarida noqonuniy ravishda turniketlar va kuzatuv kameralari o`rnatish niqobi ostida ota-onalardan pul yig`ish to`xtatilishi lozim”, — deyiladi, rasmiy xabarda.