Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishi bo`ylab Saudiya Arabistoniga Umra ibodatini ado etish uchun jo`nab ketgan ziyoratchilarimiz bugun mamlakatimizga sog`-omon etib keldilar. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Ta`kidlash kerakki, ular uchun Madina va Makka shaharlarida barcha qulay shart-sharoitlar yaratildi. Yurtdoshlarimizga Madina shahrida Masjidi Nabaviyga yaqin joyda joylashgan 5 yulduzli “Pulman zam-zam” mehmonxonasi va Makka shahrida esa “Haram masjidi”dan 600-700 metr uzoqlikda joylashgan “Abroj al-Kisva” mehmonxonalari xizmat ko`rsatdi. Bu esa, ziyoratchilarimizga besh vaqt namozlarini Harami sharifda ado etish imkoniyatini yaratdi. Shuningdek, har ikki mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun o`zbek milliy taomlari (suyuq va quyuq), sarhil mevalar, turli ichimliklar va shirinliklar muntazam ravishda tortiq qilindi.
Mehmonxonalarda zarur dori-darmon va jihozlar bilan ta`minlangan tibbiyot punktlari 24 soat davomida ziyoratchilarimiz sog`liqlarini nazorat qilish hamda birinchi tez tibbiy yordam berish maqsadida faoliyat ko`rsatdi.
Yana bir narsani alohida ta`kidlash lozimki, yurtdoshlarimiz Umra amalini to`liq va bekamu-ko`st ado etdilar.
Ziyoratchilarni Saudiya Arabistoni Podshohligida kutib olish, kuzatish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish ishlari Din ishlari bo`yicha qo`mita va O`zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhi hamda O`zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi “Haj” va “Umra” masalalari bo`yicha attashesi hamkorligida tashkil etildi.
Alloh taolo ziyoratchilarimizning qilgan Umra ibodatlarini muborak va qabul aylasin!
25.11.2019 06:35
Ilk ziyoratchilarimiz Vatanimizga qaytishdi






