“Umumiy foydalaniladigan transportda yo`lovchi tashishda yo`lkira haqini to`lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to`g`risida” Hukumat qarori (948-son, 25.11.2019 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, umumiy foydalaniladigan transportda yo`lovchi tashish uchun yo`lkira haqini to`lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bosqichma-bosqich:
Toshkent shahrida «Toshshahartransxizmat» AJ va «Toshkent metropoliteni» UKning ayrim yo`nalishlarida ko`rsatilgan yo`lovchi tashish xizmatlari uchun — 2020 yil 1 yanvardan boshlab;
Nukus shahri va viloyat markazlarida yo`lovchi tashish xizmatlari uchun — 2020 yil 1 avgustdan boshlab;
respublikaning barcha hududida yo`lovchi tashish xizmatlari uchun — 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
Alohida fuqarolar toifalari uchun imtiyozli transport kartalarini shaxsiylashtirish va karta tannarxi bo`yicha sotish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.
Aholiga transport xizmati ko`rsatuvchi yuridik shaxslarningavtomatlashtirilgan tizimga ulanishi yo`lovchi tashish xizmatlari ko`rsatish huquqini beruvchi tender (tanlov) bo`yicha bitimlarda aks ettiriladi.
Qarorga ko`ra, avtomatlashtirilgan tizim uchun tariflarni belgilash tartibi ishlab chiqiladi.
Unda, bitta to`lov bilan bir nechta transport yoki transport turidan foydalanish imkoniyati, yo`nalishdagi vaqt hamda masofadan kelib chiqqan holda belgilanadigan tarif rejalarini joriy etish kabi masalalar nazarda tutiladi






