1

O`zbek filmlari birinchi marotaba Osiyo xalqaro kinofestivali sovrinlariga sazovor bo`ldi

Madaniyat 30.11.2019, 19:09
O`zbek filmlari birinchi marotaba Osiyo xalqaro kinofestivali sovrinlariga sazovor bo`ldi

O`zbekistonlik yosh kinoijodkorlar  birinchi marotaba DigiCon6 Asia Awards 2019 mukofotlarini qo`lga kiritdilar.

Maxliyo Asqaralievaning “Sovg`a” filmi Gonkongda bo`lib o`tgan «DigiCon6 Asia Awards 2019»nufuzli xalqaro qisqa metrajli filmlar festivalining«Next Generation» mukofotiga sazovor bo`ldi. Film 25 yoshgacha bo`lgan osiyolik yosh rejissyorlar tomonidan yaratilgan kinoasarlar orasida birinchi o`rinni egalladi.

Shokir Xoliqovning "Choy" filmi birdaniga festivalning ikki nominasiyasida g`olib bo`ldi. Ushbu kartina Osiyo mintaqasidagi davlatlar vakillari taqdim etgan ijod namunalari orasida eng yaxshi deb topilib, Gran-Pridan keyin ikkinchi muhim sovrin hamda "Mintaqaviy oltin g`olib" mukofotiga loyiq ko`rildi. 

«DigiCon6 Asia Awards 2019»da birinchi marotaba ishtirok etayotgan o`zbekistonlik yosh kinoijodkorlarning filmlari tomoshabinlar va hakamlar qalbini zabt etdi.

«DigiCon6 Asia Awards 2019» xalqaro qisqa metrajli filmlar festivali Yaponiyaning mashhur TBS kompaniyasi tomonidan o`tkaziladi. 

- Prezidentimizning Yaponiyaga davlat tashrifi arafasida yosh kinoijodkorlarimiz bu ulkan g`alabani qo`lga kiritgani o`ziga xos ramziy ma`noga ega, - deydi " O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Shokir Xoliqovning "Choy" filmi bundan oldin Kann kinofestivalida “Gran-pri”ga munosib ko`rilgan, endi esa, Gonkongda yuksak mukofotlarga sazovor bo`ldi. Ushbu film Yaponiyaning markaziy telekanalida namoyish etiladigan bo`ldi. Bu ayniqsa, yaponiyaliklarning O`zbekiston haqidagi tasavvurlarini kegaytirishda juda muhimdir. 

Ta`kidlash joizki, kinofestival Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Singapur, Tayvan, Tailand va O`zbekistonning yosh iste`dodli kinoijodkorlarini birlashtirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1