Mamlakatimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS bo`yicha birlashgan dasturi (YuNEYDS)ning vakolatxonasi ochildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Ma`lumki, OIV infeksiya inson salomatligi va jamiyat kelajagiga jiddiy ta`sir etayotgan global tibbiy-ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda bu kasallik tarqalishining oldini olish, aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligini muhofazalash borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. By yo`nalishdagi ishlarni tashkil etishning huquqiy va tashkiliy asoslari yaratilgan.
O`zbekiston bu borada xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan “90-90-90” maqsadli dasturi orqali zimmaga olingan xalqaro majburiyatlarni bajarishga ham ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu yo`nalishda davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar hamkorligida bir qator dastur va loyihalar hayotga tatbiq etilayapti.
Yurtimizda YuNEYDS xalqaro tashkilotining vakolatxonasi ochilishi bu yo`nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni kengaytirish, OIV bilan bog`liq yangi holatlarni kamaytirish, tibbiy tekshiruv ishlari sifatini oshirish, bemorlarning davolanish imkoniyatlarini yanada yaxshilash va albatta, jamiyatda OIV infeksiya bilan yashayotgan bemorlarga nisbatan bag`rikenglik va g`amxo`rlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o`tamiz, bugungi kunda O`zbekistonda OIV bilan 42000 dan ortiq inson yashab kelmoqda va ulardan 28000 nafari antiretrovirus davo olmoqda.