«Bo`ston trans servis» MChJ yangi Isuzu avtobuslariga ega bo`ldi, deb xabar beradi O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi axborot xizmati.
Qoraqalpog`iston Respublikasidagi «Bo`ston trans servis» MChJ o`z avtotransport parkini zamonaviy avtobuslar hisobiga yangilash, shu orqali xizmat ko`rsatish sifatini oshirish maqsadida «Mikrokreditbank» mahalliy filialidan olingan 250 million so`m miqdorda kredit olib, ushbu mablag`larni Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan Isuzu avtobuslari xarid qilishga yo`naltirdi.
Bugunga qadar korxona Isuzu NP 37 va Isuzu NP 26 rusumli ikkita avtobusni qabul qilib oldi. Yangi transport vositalarini Bo`ston — Nurumbetov OFY shahar atrofi yo`nalishi hamda Bo`ston — Nukus viloyat ichi-shaharlararo yo`nalishiga chiqarish rejalashtirilgan.
Shartnomaga binoan «Bo`ston trans servis» MChJga yanvar oyining oxiriga qadar Isuzu NP 21 rusumli yana bir yangi avtobus etkazib beriladi.
Yangi avtotransport vositalari xarid qilinishi natijasida to`rtta yangi ish o`rni tashkil etildi.