Bishkek sudi sobiq bosh vazir Sapar Isaqovni korrupsiyada aybdor deb topib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, Sverdlov tumani sudyasi Inara Gilyazetdinova chiqargan hukmga binoan Isaqovning mulki musodara qilinadi, hamda u diplomat maqomidan mahrum qilinadi.
Sudda sobiq prezident Almazbek Atambaevga yaqin ekanligi aytilayotgan boshqa sobiq rasmiylarga ham hukm o`qildi. Xususan, Gilyazetdinova sobiq bosh vazir Jantoro Satibalievni 7,5, Milliy energiya xoldingi sobiq rahbari Aybek Kalievni 15 yil qamoq jazosiga hukm qildi.
Yana bir necha rasmiy 2,5 yil qamoq jazosiga hukm qilindi, ayrimlariga esa jarima solindi.
Bu rasmiylar 2013 yildan boshlab Bishkek issiqlik elektr markazini qayta ta`mirlash loyihasi doirasida Xitoy shirkati manfaatlarini qo`llab, Qirg`iziston hukumati va jamiyatiga moddiy ziyon etkazishda ayblangan edi.






