So`nggi vaqtlarda fuqarolarimizga quyidagi mazmundagi SMS-xabarlar kelmoqda: “Assalomu alaykum. Men onamni janozalariga borayotganimda yo`lda mashinam buzilib, Qamchiq dovonida qolib ketdim. Menga sizning yordamingiz kerak. Telefonimga ozroq pul tashlab yuboring”.
Odatda 25 ming so`m, ba`zida esa kattaroq mablag` so`rashadi. Ya`ni, muammo pulda emas. Yordam qo`lini cho`zgan insonlar keyinchalik bilishlaricha, ulardan yordam so`ragan odam umuman notanish kimsa bo`lgan. Oddiyroq qilib izohlaganda, bu fuqarolarni aldash yo`llaridan biridir, deydi Toshkent shahar IIBB.
Achinarlisi shundaki, insonlarning muruvvatidan foydalangan kimsalar sababli, bir marta aldangan fuqarolar keyinchalik birovga yordam qo`lini cho`zishdan qo`rqib qoladi.
Hurmatli fuqarolar! Bu kabi holatlarda notanish kishiga yordam berish yoki bermaslikni o`zingiz hal qilasiz. Ammo aldanib qolmaslik uchun baribir ehtiyotkor bo`lishingiz zarur!