AsosiyShou-biznes

“Opa-singillar”da otalar aybdor(mi?)

“Opa-singillar”dagi Ruqiyaning eri xotinini sal tergab qo`yganida o`g`li bilan kelini bunchalar qiynalib yurmasdi, “Sardorning bevaqt o`limiga uning dadasi aybdor. Biroz e`tiborli bo`lganida, u hali ham yashab yurarmidi, giyohvand bo`lsa ham Sardor yashashga haqli edi, axir”, "Ikromning otasi o`g`lini haddan ortiq erkalatganidan u qat`iy qaror qabul qilolmaydigan bo`lib qolgan...”

Bu “Opa-singillar” serialining erkak qahramonlari haqida muxlislarining fikrlari. Fikrlar qanchalik to`g`ri yoki noto`g`riligini serialda ota rollarini ijro etgan ijodkorlarning o`zidan so`rab ko`rsak...

“SERIALDAGI QAYNONANI YuZ FOIZ OQLAYMAN”

Sobirjon Rahimov, Murodning otasi roli ijrochisi: 

Qisqacha ma`lumot:
1941 yil Toshkent shahri, Yunusobod tumanida tavallud topgan.
1969 yilda Teatr va rassomchilik institutini tamomlagan. 
30 yil Muqimiy teatrida faoliyat yuritgan.
1 o`g`il 3 qizi, 10 ta nabirasi va 3 ta evarasi bor.

— Agar hayotda roldagi o`g`lingizning holatiga tushib qolsangiz qanday yo`l tutardingiz?
 — Xotinimni uyga qaytarardim, ammo bu erda ayb ko`proq kelinimda bo`lyapti. U uyga qaytishi kerak, chunki uning oilasi, bolalari va eri bor…
 — Kelinini xushlamaydigan, hattoki qaysidir ma`noda nabirasining o`limiga sababchi bo`lgan qaynonasi ham bor-ku?! Siz serialdagi turmush o`rtog`ingizning qilgan ishlarini oqlaysizmi?
 — Men Ruqiyaning serialdagi har bir harakatini oqlayman, chunki u ayol ro`zg`orning sarishtaligiga, oiladagi erkaklarning osh-ovqati vaqtida hozir bo`lishiga harakat qiladi. Shuning uchun qattiqqo`llik qiladi. Bu esa ayb emas. Ruqiyaning otasi o`g`ilsiz o`tgan va u otasini kuyovlari qo`lida qaram bo`lib qolganidan ezilgan, unga shu narsa tinchlik bermaydi, xolos.
Agar “kelinim” o`g`ili bo`lganida va uyning ishlarini vaqtida bajarganida, “xotinim” hech qachon “kelinim” bilan yomon munosabatda bo`lmasdi. Bu erda ayb birgina “xotinim”da emas, “kelinim”da ham.
 — Serialdagi rolingizning fe`l-atvorini ma`qullaysizmi?

 — Albatta, chunki Alovuddin o`qimishli, diniy va dunyoviy bilimlardan xabardor, hech kimga yomonlikni ravo ko`rmaydigan odam, qanday qilib bu obrazni yomon deyishim mumkin.
 — To`g`ri-yu, ammo bu xotinining gapidan chiqolmaydigan erkak roli bo`lib qolmaganmi? Tomoshabinlardan rolingizga nisbatan e`tirozlar eshitganmisiz?
 — Yo`q, u xotinini gapiga kirib ish qiladigan erkak emas. U xotinni so`kib, urishni yoqlamaydigan inson. Tomoshabinlar ko`cha-kuyda “shuncha qiliqlariga qaramay, nega biror marta ham xotiningizni urmaysiz?” , deb so`rab qolishadi. Nega urishim kerak? Xotinga urush,so`kish uchun uylanmaysiz-ku. Buning ustiga qahramonim bola-chaqali, nabirali, 40-50 yildan beri oilasi bilan yashaydi…
 — Unda nima uchun qahramoningiz xotininiga “Sen bilan o`tgan umrimga achinaman” deydi? 
 — Bu gap urib-so`kkandan og`irroq. Shu gapdan so`ng “xotinim” butunlay boshqa ayolga aylandi. O`sha gapni aytish jarayonida stolni uradigan joyim bor edi. Biz buni maslahatlashib o`zgartirdik. Chunki mening qahramonim birovning ko`ngliga tegadigan odam emas. Agar u johil odam bo`lganida, boshidan xotinining javobini berishi mumkin edi.
 — Demak, serialda o`z hayotingizni o`ynagansiz, shundaymi?
 — Xudoga shukr, uyimizda tinchlik-xotirjamlik. Urush-janjalga yo`l qo`ymayman, rolimga kelsak juda ko`p joylari hayotimga yaqin.
 

“AYoLLAR SIR YaShIRMASA...”

Muhammadali Abduqunduzov, O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti, serialda Sarvar va Sardorning otasi roli ijrochisi: 

Qisqacha ma`lumot:
1952 yil 14 iyul kuni Farg`ona viloyatida tug`ilgan. 
1974 yil Toshkent davlat teatr va rassomchilik san`ati institutini tamomlagan.
2 o`g`li va 5 nafar nabirasi bor.                                                                                                

Ko`pchilik tomoshabinlar serialdagi o`g`lingiz Sardor obraziga quyidagicha ta`rif berishadi. “Giyohvand bo`lsa ham yaxshi bola edi, sevgan qiziga she`rlar aytib berardi, sho`xliklari o`ziga yarashardi”, deyishadi. Tomoshabinning unga bo`lgan mehriga sabab nima deb o`ylaysiz?

 — Har bir asarda ijobiy va salbiy qahramon bo`ladi va har doim salbiy qahramon obrazi yaxshi va qiziqarli yoziladi. Ya`ni ijobiy qahramondan ko`ra salbiy qahramonda imkoniyat ko`proq bo`ladi. Tomoshabinlarning mehri tushgan bo`las, demak aktyor Sardor rolini maromiga etkazib o`ynagan.

 — Serialdagi bolalaringizning o`z farzandlaringizga o`xshash tomonlari bormi?
 — Hayotda ikkala farzandim ham o`qimishli. Katta o`g`lim — Jahongir Abduqunduzov tadbirkor, uylangan. “Opa-singillar” serialida mening yoshligim obrazini yaratgan. Kichik o`g`lim ham oliy ma`lumotli, jurnalist, uylangan. Hayotdagi va serialdagi bolalarim orasida er bilan osmoncha farq bor.
 — Giyohvandning otasi sifatida yaratgan rolingizga tomoshabinlar turlicha baho berishyapti. “O`g`il tarbiyasida qattiqroq bo`lish kerak edi” deydiganlar ham bor....

— To`g`ri. Lekin ko`p narsa odamning o`ziga ham bog`liq. O`zim choyxonada katta bo`lganman desam ham bo`ladi. 5-6 yoshimdan to 10-sinfni tugatgunga qadar choynak tashib, o`sha erda yashaganman. Agar irodam bo`sh bo`lganda o`sha erda hech bo`lmasa chekishni o`rganishim mumkin edi. Hamma narsa irodaga bog`liq. Irodasi mustahkam odam har qanday o`zini qo`lga ola biladi.
 — Serialni faqat ayollar emas balki erkaklar ham ko`rishyapti. Ularga hayotiy tajribangiz va serialdagi rolingizdan kelib chiqib qanday maslahat bergan bo`lardingiz? 
 — Oiladagi ko`pincha muammolar ayollarning gap yashirishidan kelib chiqadi. Onalarning farzandiga bo`lgan mehri uning kamchiliklariga ko`z yumishiga sabab bo`ladi. Oqibatda farzand bilganini qilib yuraveradi. Onalarga mening shaxsiy iltimosim: farzandingizda bo`layotgan salbiy o`zgarishlarni turmush o`rtog`ingizga ayting! Bu sotqinlikka kirmaydi. Erkak kishi oila boshlig`i, u har qanday vaziyatga real qarab, farzandlar tarbiyasida qat`iyatliroq bo`la oladi.

“ShUNDAY YIGITLAR BORLIGIDAN FAXRLANAMAN”

Boir Xolmirzaev, Ikromning otasi roli ijrochisi:

Qisqacha ma`lumot:
1961 yil 5 martda tug`ilgan.
Oilada 10 nafar farzandning ikkinchisi.
Oilali: 3 o`g`il bir qizi bor.

Kimdir Ikromni Majnunga o`xshab yurishini ma`qullasa, kimdir yomonlaydi. “Borib shartta-shartta yuragidagini aytib, qutula qolmaydimi?”, deydiganlar ham bor. Serialdagi Ikromning otasi rolini ijro etgansiz, siz bu fikrlarga nima deysiz?

 — Bu bola birovning ko`ngliga ozor berishni istamaydi, muhabbatni qadrlaydi. Ikromni tushunish uchun inson kamida uningdek sevgan bo`lishi lozim, yo`qsa uni tushunolmaydi.
 — Demak Ikromning shunday yurishini yoqlaysiz? 
 — To`laqonli yoqlayman, madaniyatli, tarbiya ko`rgan odamlar shunday qiladi.
 — Hayotingiz yaratgan rolingizga yaqinmi?
 — Onasiz katta bo`lgan o`g`il va qizning mulohazakor otasi roli hayotimga juda yaqin. Taqdirimiz o`xshash emasu, lekin hayotda ham men xuddi obrazimdagidek fikrlagan bo`lardim.

 — Bolaning ko`ngliga qarayversa, u yomon yo`lga kirib ketmaydimi?
 — Ikrom yomon yo`lga kirib, giyohvand bo`lib ketmadi-ku. Balki otasi uning ko`ngliga qaragani uchun ham shunday tarbiyali yigit bo`lib etishgandir. Bo`lmasa, u qizga “sen bo`lmasang, boshqasi”, deb ketib qolarmidi. Men o`zbekning shunday yigitlari borligidan faxrlanaman.
 — Muxlislaringiz tomonidan rolingizga nisbatan qanday fikrlar bo`ldi?
 — Faqat ijobiy gaplar eshitdim. Ziyoli odam aql bilan ish qiladi. Har bir narsaning o`z vaqti soati borligini biladi. Xotini ketib qolsa, uni majburlab qaytarib olib kelmaydi, aksincha o`ylab olishiga imkon beradi. Serialdan so`ng qaerga borsam, muxlislar o`zlarining qarindoshlaridek kutib olishyapti. Haqiqiy o`zbek ziyolilarini ko`rsatsa ham bo`lar ekan-ku, degan gaplarni ham eshitdim.
 — Serialning muvaffaqiyati nimada deb o`ylaysiz?
 — Aktyorlarning to`g`ri tanlanganligida.
 

Feruz MAMATOV suhbatlashdi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar