Choyni aksariyat odamlar ichimlik sifatida qabul qilishadi, ammo u odamlar orasidagi iliq munosabatlarni shakllantiruvchi omil hamdir. Odamlar bir piyola choy bahonasida suhbat quradi, mehmon kutadi, oilaviy jam bo`ladi.
Choy qadimdan Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Shri-Lanka mamlakatlarida ekilgan va ba`zi kasalliklarga davo sifatida foydalanilgan. Olimlar choyda 120 xil modda borligini aniqlagan.
Choyning kelib chiqish tarixi ham qiziq. 3500 yil avval Xitoy hoqoni kanizaklaridan biri kechirilmas gunoh qiladi. Ya`ni, u nikohsiz homilador bo`ladi. Ayol o`lim jazosiga hukm etiladi. Ammo atrofdagilar gunohni qilgan ayol, uning bolasi gunohsiz ekanligini ta`kidlab, bir necha kunlik oziq-ovqat bilan kimsasiz tog`li hududga badarg`a qilishadi. Ayol tog`da oziq-ovqatsiz qolganda, holsiz bir buta tagida yiqiladi. U tashnaligini qondirish uchun buta barglarini chaynaydi. Mo``zija ro`y berib, uning nafaqat tashnaligi qonadi, balki o`zini tetik va bardam his etadi. U hayratlanib, daraxt barglaridan anchagina yulib, ortiga qaytadi. Va odamlarga mo``jizaviy daraxt haqida so`zlab beradi. Bu butazor choy daraxti edi. Uning ovozasi hoqonga ham etib boradi. U kanizakni huzuriga chorlaydi. Qarasa, u ancha tetik va yuzlari tiniq edi.
Dastlab choy dorivor o`simlik sifatida iste`mol qilingan bo`lsa, bugun u kundalik ichimlik sifatida dasturxonimizdan joy olgan.






