2019 yilda nashr etilgan Jahon iqtisodiy forumining ishchi hujjatida quyidagi ma`lumotlar aks etgan:
«Xitoy iqtisodiyotida 2008 yildagi Jahon moliyaviy inqirozidan keyin tobora hayotiy muhim ahamiyat kasb etib borayotgan xususiy sektorlar hozirgi vaqtda rasmiy Pekin iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanib ulgurdi.
60/70/80/90 kombinasiyasi ko`pincha xususiy sektorning Xitoy iqtisodiyotiga qo`shgan hissasini tavsiflash uchun ishlatiladi: ular Xitoy yalpi ichki mahsulotining 60 foizini ta`minlaydi, innovasiyalarning 70 foizini, shaharda ish bilan ta`minlanishning 80 foizini va yangi ishlarning 90 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, investisiyalarning 70 foizi va eksportning 90 foizi xususiy sektor hissasiga to`g`ri keladi».
Bugungi kunda Butunjahon Xitoy sanoat va savdo federasiyasining ma`lumotlariga ko`ra, yangi ish o`rinlarining o`ndan uch qismi xususiy sektorga tegishlidir.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, mazkur statistika Xitoyning iqtisodiy mo``jizasini «davlat kapitalizmi» bilan bog`lovchi mulohazalarni qayta ko`rib chiqish uchun asos bo`lib xizmat qila oladi.
Umuman, bu holatda «davlat kapitalizmi» mutlaqo bema`ni atamadan boshqa narsa emas. Chunki, atamaning o`z ma`nosidan kelib chiqadigan bo`lsak ham, kapitalizm ikki tamoyilga asoslanadi: erkin bozor va xususiy korxona. Shu nuqtai nazardan u hech qanaqasiga davlat iqtisodiyotiga mos kelishi mumkin emas. Chunki, davlat tomonidan tartibga solinadigan iqtisodiy tizimida kompaniyalar davlat mulki hisoblanadi.
Shuning uchun eng avvalo «davlat kapitalizmi» mavjud bo`lishi mumkin emas. Aslida, Xitoy dunyodagi boshqa mamlakatlarda bo`lgani kabi kapitalizm va sosializmni birlashtirgan aralash tizimli iqtisodiyotga ega mamlakat, xolos. Bunday tizimli iqtisodiyot atamasi odatda AQSh va Evropa mamlakatlari iqtisodiyotiga nisbatan qo`llaniladi, ular turli xil nisbatlarda kapitalistik va sosialistik elementlarni o`z iqtisodiy tizimlariga aralashtirib yuborganlar.
Bunda vaqt o`tishi bilan ushbu ikki komponentning nisbati qanday o`zgarishi asosiy omildir. Xitoylik iqtisodchi Chjan Vaying o`zining «Bozor mantig`i» kitobida shunday yozadi:
«Xitoyda islohotlar qudratli hukumat va rejali iqtisodiyot bilan boshlandi. Islohotlar jarayonida Xitoyning o`z ichki bozorida barqaror iqtisodiy o`sishni ta`minlay olishining sababi, iqtisodiyotga nisbatan hukumat nazoratining kamaytirilganligi va davlat korxonalari ulushining pasayishi bo`lgan. Ta`kidlab o`tish joizki, aynan davlatning iqtisodiyotga aralashuvining kamayishi oxir-oqibat bozor nazorati, xususiy mulk, xususiy korxonalar, xorijiy firmalar va boshqa nodavlat sub`ektlarining paydo bo`lishiga olib kelgan omil hisoblanadi».
Shuniyam yoddan chiqarmaslik kerakki, Xitoydagi iqtisodiy islohotlar boshlanganidan buyon, Mao Szedun tomonidan ikki chiziqli kurash, deya ta`rif berilgan sosialistik va kapitalistik to`lqinlar aro kechadigan bahs hukmronlik qilib kelmoqda.
So`nggi bir necha o`n yilliklar davomida Xitoyda muqobil islohot dasturini amalga oshirishni istagan kapitalizm tarafdorlari va bu to`lqinni qaytarishga intilayotgan kapitalistlarga qarshi kurashuvchilar o`rtasidagi doimiy munozaralar bo`lib o`tayapti.
Bu ziddiyat mamlakat ilmiy doirasiga ham kechgan. O`tgan yili, masalan, Pekin shahridagi Renmin universitetining marksizm professori Zhou Xincheng xususiy mulkni tugatish kerakligini aytdi. Ammo, har holda bu qadar radikal talablarning muvafaqqiyat qozonish imkoniyati deyarli mavjud emas.
Biroq, so`nggi yillarda, Xitoyning iqtisodiy muvoffaqiyatini noto`g`ri talqin qilish butun mamlakat bo`ylab, shu jumladan siyosiy doiralarda tobora kuchayib bormoqda. Ular milliy iqtisodiyotda erishilgan mazkur muvaffaqiyatni «Xitoy mod`eli» deb ataydilar. Ularning nazariyasiga ko`ra, Xitoyning so`nggi o`n yillikdagi muvoffaqiyati bu o`ziga xos tizimning samarasidir, ayni shu tizim Xitoyga bir necha o`n yilda G`arb 200 yil davomida erishgan yutuqlarga erishishga imkon bergan.
Chjan Vayingning so`zlariga ko`ra esa, bu talqin mutlaqo noto`g`ri. Xitoyning o`z iqtisodiyotida amalga oshirgani muvafaqqiyat esa, bor-yo`g`i «yaxshi otning keyin chopishidan» boshqa narsa emas.
Chjan Vaying tushuntirganidek:
«G`arb muvafaqqiyat yo`lini ochib berdi, Xitoy shunchaki ular ortida ergashdi – shu yo`ldan bordi, xolos. Shundan kelib chiqadigan bo`lsak, rasmiy Pekin tomonidan iqtisodda erishilgan yutuqlar ulardagi institutlarning Evropadagidan yaxshiroq ekanini anglatmaydi».
Xitoyning iqtisodiy muvaffaqiyati sababi rejalashtirilgan iqtisodiyot emas, balki iqtisodiyotda davlat tomonidan rejalashtirilish ulushining kamayishidadir.
Mao Szedun davrida, Xitoyda xususiy korxonalar deyarli bo`lmagan va butun mamlakat bo`ylab davlatning rejali iqtisodiyoti hukmronlik qilgan edi va ayni shu davrda Xitoy aholisining 88 foizi o`ta qashshoqlikda yashagan.
Rad etib bo`lmas bu statistika Xitoy taraqqiyoti kapitalizm va kommunizm o`rtasidagi noyob «uchinchi yo`l» tufayli emas, balki xususiy mulk huquqini joriy qilgani va iqtisodiyotda davlatning roli asta-sekin pasayganligi ortidan yuz berganligini izohlaydi.
Shundan kelib chiqib aytadigan bo`lsak, ko`plab sosialistik siyosatchilar tomonidan, shu jumladan Britaniya Mehnat partiyasi rahbari Jeremi Korbin tarafdan Xitoy iqtisodiy mod`eli muvofaqqiyatini sharhlash uchun taklif etilgan talqinlar mantiqsizlikdan boshqa narsa emas.
Ularning ta`kidlashicha, Xitoyning iqtisodiy muvaffaqiyat tarixi sosializmning kapitalizmdan ustunligini namoyish etadi. Aslida esa buning tamomila aksi. Zero, Xitoyning yangi tarixini ikki bosqichga bo`lish mumkin: sosialistik sosial bosqich – 1949 yildagi Xalq respublikasi tashkil etilganidan, 1976 yil Maoning vafotigacha.
Bu davrni iqtisodiy tanazzul davri deb atash mumkin. Ikkinchi davr esa Mao vafotidan keyin boshlangan Deng Syaoping tomonidan amalga oshirilgan bozor islohotlari.
Bugun tobora ko`plab mamlakatlar va iqtisodchilar kapitalizm va kommunizm o`rtasidagi «uchinchi yo`l»ni iqtisodiy muqobil yo`l sifatida ko`rishmoqda. Bunday g`oyalar nafaqat rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarda, balki Evropada ham aks sado berayotganligi ahamiyatli.
Masalan, Germaniya Iqtisodiyot vaziri Piter Altmeer hukumatning iqtisodiyotga aralashuvini kuchaytirishni Germaniyaning Xitoy iqtisodiyotiga qarshi turishini ta`minlashi mumkin yagona yo`l, deb atadi.
Bunday g`oyalarning mavjudligi esa, amalda Xitoyning iqtisodiy mo`jizasiga berilgan noto`g`ri talqinlar ortidan kelib chiqqan mulohazalar natijasidir.