Toshkent shahrining Bektemir tumanida poliefir shpatlyovka va poliefir elim ishlab chiqaradigan zavod o`z faoliyatini boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik soha xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ushbu loyiha O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi va Polshaning “NOVOL ASIA” QK o`rtasida imzolangan anglashuv memorandumiga muvofiq amalga oshirildi.
Tadbirda so`z olganlar mazkur zavod poliefir shpatlyovka va poliefir elim (marmar, granit va boshqa toshlar uchun maxsus elim) ishlab chiqarish bo`yicha MDH mamlakatlarida yagona ekanligi va uning faoliyati yurtimiz qurilish sanoatida muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.
Qayd etish kerakki, 1978 yilda tashkil etilgan “NOVOL” kompaniyasi Polshada yirik ishlab chiqaruvchilar sirasiga kiradi. Bugungi kunda kompaniyaning ko`p yillik tajribasi xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yishga xizmat qilmoqda. Ushbu kompaniya mamlakatimizda o`z imkoniyatlarini sinab ko`rmoqda.
Tomonlar o`rtasida imzolangan memorandum doirasida texnologiyalar transferi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Investisiyalarning umumiy hajmi 1,5 million AQSh dollarini tashkil etdi.
– Poliefir shpatlyovka va poliefir elim ishlab chiqarish bo`yicha korxonalar O`zbekiston Respublikasi va MDH davlatlarida shu paytgacha mavjud emas edi, – dedi Innovasion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova. – “NOVOL ASIA” MChJ QK tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulot import o`rnini bosuvchi va eksportga yo`naltirilgan tovardir. Ko`p funksiyali poliefir shpatlyovka avtomobil sanoati va avtosozlash ustaxonalarida, shuningdek, mebel sanoatida qo`llanilishi mumkin. U o`zida to`ldiruvchi va bezak beruvchi shpatlyovkani mujassam etadi. Poliefir elim esa marmar, granit va boshqa toshlar uchun maxsus elim hisoblanadi.