Bugun Xalqaro matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig`matilla Yo`ldoshev ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Bosh prokuror saylov kampaniyasi davomida prokuratura organlariga saylov bilan bog`liq 65 murojaat tushganini ma`lum qildi.
Murojaatlar hududlar kesimida quyidagicha:
Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlari - 1 ta
Andijon, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasi -2 ta
Buxoro viloyati - 3 ta
Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari - 4 ta
Toshkent viloyati va Toshkentshahri - 6 ta
Farg`ona viloyati - 7 ta
Surxondaryo viloyati - 24 ta.
Murojaatlarning 30 tasi bevosita fuqarolardan, shu jumladan, 9 tasi saylovda ishtirok etayotgan nomzodlardan hamda 35 tasi davlat organlari va muassasalar, xususan, Markaziy saylov komissiyasidan kelib tushdi.
Murojaatlarning 12 tasida Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi, 53 tasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o`tkazilayotgan saylovlarga bog`liq masalalar yoritilgan.
Jumladan, Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidan S.Jumaev, Uzun tumanidan B.Safarov, Denov tumanidan X.Sohibov va X.Xo`jaqulov, Qumqo`rg`on tumanidan I.Jumaev, B.Abdullaev, Sh.Mavlonov va Sh.Yunusovlar o`z murojaatlarida tuman hokimligi mansabdor shaxslari saylov jarayoniga aralashib, nomzodlarni ko`rsatishga to`sqinlik qilganliklarini bayon qilgan.
Xuddi shunday holat Sirdaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarida ham kuzatilgan.
Mazkur murojaatlar prokuratura organlari tomonidan xolison o`rganildi. Lekin mahalliy ijro hokimiyati organlari vakillari saylov jarayoniga aralashganligini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmadi.
Kelib tushgan yana 7 murojaatda nomzodlar deputatlikka mos emasligi vajlari keltirilgan. Xususan, Nukus shahridan O.Abdumurodova, Beruniy tumanidan R.Safarniyozov, Gurlan tumanidan U.Xo`janiyozov, Karmana tumanidan E.To`xtashimov, Baxmal tumanidan O.Abdurazzoqov, Chiroqchi tumanidan B.Sarmanov, Dang`ara tumanidan S.Solievlar deputatlikka nomzodi qo`yilgan fuqarolar haqida salbiy fikr bildirilgan murojaatlar yo`llashgan. Ularni o`rganishda saylovlarda munosib nomzodlarning ishtirok etishiga monelik qiluvchi biror bir holat aniqlanmadi.
Qolgan 10 ta murojaatlar saylovchilar ism-shariflarini qayd etish va boshqa texnik xatoliklar bilan bog`liq bo`lib, ular joyida bartaraf etildi.
ESLATMA: Fuqarolar saylash yoki saylanish huquqlari buzilganda yoki saylov qonunchiligini buzish holatlariga guvoh bo`lganda, zudlik bilan hududiy prokuratura organlariga yoki Bosh prokuratoraning 1007 ishonch telefoniga murojaat qilishlari so`raladi.






