1

Xonanda, orkestr va xor sintezi... Sevara Nazarxon konsertidan reportaj (+Foto)

Madaniyat 24.12.2019, 17:05
Xonanda, orkestr va xor sintezi... Sevara Nazarxon konsertidan reportaj (+Foto)

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, o`zbek an`anaviy va folklor qo`shiqlarining noan`anaviy ijrochisi Sevara Nazarxon 21-22-23 dekabr kunlari poytaxtimizdagi “Humo arena” muz saroyida o`zining yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi. 

Xonanda bundan ikki yil avval Toshkentdagi Forumlar saroyida konsert bergan, shu yilning boshida esa “2019” deb nomlangan yangi albom taqdimotini o`tkazgan edi. Shunday bo`lsa-da, muxlislar bu konsertni sog`ingan va kutgan edi. Dastlab ikki kunga mo`ljallangan konsert yana bir kunga uzaytirilgani va uch kun davomida muz saroyi 10 mingdan ziyod muxlislar bilan to`lgani so`zimizga dalil bo`la oladi...

Sevara Nazarxon konsert oldidan jurnalistlar bilan uchrashdi va unda muxlislar bilan diydorlashish uchun nega aynan "Humo arena" muz saroyi tanlanganiga to`xtalib o`tdi:

— Har bir konsert men uchun imtihon, sinov. Albatta, bu mening birinchi konsertim emas, jonli ijroda ekani ham yangilik emas.  Nega “Humo arena”da konsert berishga qaror qildik? Bizga shunday taklif bo`ldi va bu erda konsert berish biz uchun ham yangilik, ham qiziq edi. Lekin bu joy konsert zali emas, xokkey maydoni ekanini unutmaslik kerak. Bilasizmi, konsert zali ham tirik organizm, u bilan muloqotga kirishish talab etiladi. Tayyorgarlikni boshlagan kunimizdan shunga amal qildik. 

Shuningdek, yana bir jihatni alohida aytishni istardim: bu yil orkestr bilan birga konsert berdik. Bundan maqsad -  musiqa, ovoz, xor jamoani sintez qilish edi. Konsertda men uchun eng muhimi qo`shiqlar ma`no-mazmunli bo`lishidadir, qolaversa, ijrodan zavq olish va shu zavqni tinglovchilarga ulashishdir.

                                                                      120 kishi bir sahnada

Kutilgan daqiqalar keldi. Sahnaga Sevara Nazarxon chiqib keldi, unga O`zbekiston yoshlar simfonik orkestri va Xor jamoasi hamrohlik qildi. Xonanda, orkestr va xor – jami 120 kishilik jamoa tandemida barchamizga sevimli, qadrdon va albatta, yangi qo`shiqlar yangradi. Bunda xonanda bilan orkestr dirijyori O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Kamoliddin O`rinboev hamda xor jamoa rahbari O`zbekiston davlat konservatoriyasi dosenti Yulduz Husniddinovaning ijodiy hamkorligi ham katta rol o`ynadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, konsertning tashkiliy va ijodiy jamoasi tarkibida xorijiy mutaxassislar ham bor. Jumladan, ovoz sifatiga Dmitriy Kulikov (Rossiya), chiroqqa Aleksandr Kosyanenko (Rossiya), katta ekranlardagi tasvirlarga esa Pavel Maklay (Shotlandiya) mas`ul bo`ldi. Ukrainalik Aleksandr Gordeev esa konsert administratorligi hamda hamkor tashkilotchilik vazifasini bajardi. 

Ushbu katta jamoaning ulkan mehnati evaziga tomoshabinlar Sevara Nazarxonning sohir ovozidan bahra olishdi, uni ulkan zangori ekranlarda kuzatish imkoniga ega bo`lishdi. Aslida tashkilotchilarning maqsadi ham shu edi – muz saroyiga kelgan har bir tomoshabin, qaysi joyda o`tirishidan qat`i nazar sahnani birday ko`rsin. Umuman, ijodiy jamoa tomonidan har bir detal e`tiborga olingan, mukammallikka etkazilgan, ruscha aytganda "idealno".

                                                                   “Ko`nglimga nur bergin ilohim...”

Sevara Nazarxonning ushbu konsert dasturidan joy olgan kompozisiyalar o`ziga xos ketma-ketlikda, did bilan saralanganini sezish qiyin bo`lmadi. Ular orasida o`sha bizga tanish va sevimli “Azizim”, “Meni sev”, “Oqqushlar”, “Sirdoshim”, “Hayol”, “Ko`rgim kelar” qo`shiqlari yangicha talqinda ijro etildi. Bu qo`shiqlarni xonandaga qo`shilib, muxlislar ham aytdi.

Qo`shiqlardan birida xonanda “Ko`nglimga nur bergin ilohim...” deb kuylasa, yana birida “Zamon bevaqt bo`lmay deb taslim, yolg`on so`zga pinhon suyangay...” deydi. Ularni eshitgan tinglovchi qalbida sokinlik, orom, huzur hukmron bo`ladi. Ular o`zgacha, nurli...

Yoqimli qo`shiqlardan biri “Oqqushlar”ning xor jamoasi jo`rligida, “Sirdoshim” esa kar yoki zaif eshituvchi bolalar tomonidan surdo-tarjimon tarzida aytilgani davomli olqishlarga sazovor bo`ldi. Konsertning yana bir o`ziga xos jihati ham shunda: har bir qo`shiq mazmuni sahnadagi surdo –tarjimon orqali kar yoki zaif eshituvchi bolalarga etkazildi. 

Konsertning asosiy syurprizi esa Sevara Nazarxonning O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raev bilan duet tarona ijro etgani bo`ldi. Shoir Hamid Olimjonning “Kuygay” g`azaliga bastalangan taronani shu vaqtgacha Yunus Rajabiy, Kamoliddin Rahimov, Sherali Jo`raev, Sevara Nazarxon ijrolarida eshitib kelgan bo`lsak, endilikda uni duet shaklida ham tinglashga muyassar bo`ldik. Xonandaning aytishicha, bu duet u uchun orzu edi, kun kelib bu orzu amalga oshdi. Qo`shiq so`zlarini eslaysizmi?

So`zingning sharpasi tekkanda olam bob, bob kuygay,

Dengizlar, daryolar, hattoki ko`llarda hubob kuygay.

Kamondek qoshlaring, kipriklaringdin o`q otar doim,

Sening yoding bilan tinmay hama nozu itob kuygay...

“Bir kam dunyo”,  “Ulug`imsan, Vatanim”... Yuraklardan joy olgan ushbu qo`shiqlar ham birgalikda kuylandi. Konsert oxirida esa yana bir jonajon tarona, ya`ni Sevara Nazarxonni elga tanitgan “Yur, muhabbat...” yangradi:  

Na qildim, ey, yuzlari zebo, Aybim ne? – deb so`rama aslo,

Bu dunyo shundayin bevafo, Yur, muhabbat, ketdik bu erdan!

Shu tariqa xonanda Sevara Nazarxonning navbatdagi konsert dasturi yuqori sifatda, a`lo darajada o`tdi, desak yanglishmaymiz.

Munisa Alieva

Fotograf: Omil Hakimov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1