Xabaringiz bor, joriy yilning 14 dekabrida O`zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta`lim va tarbiya to`g`risida”gi qonuni ma`qullandi va 16 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu qonunni imzoladi.
Qonunda maktabgacha ta`lim va tarbiyaga oid asosiy tushunchalar berilgan va ushbu sohani tartibga solishga doir huquqiy mexanizm belgilangan, deyiladi Toshkent shahar hokimligining veb saytida berilgan xabarda.
Qonunning 34-moddasi maktabgacha ta`lim tashkiloti guruhlarini to`ldirishga bag`ishlangan bo`lib, unda MTT qabul qilinadigan bolalarning yoshiga ham aniqlik kiritib ketilgan. Xususan,
- ilk rivojlanish guruhi (bir yoshdan uch yoshgacha);
- kichik guruh (uch yoshdan to`rt yoshgacha);
- o`rta guruh (to`rt yoshdan besh yoshgacha);
- katta guruh (besh yoshdan olti yoshgacha);
- maktabga tayyorlov guruhi (olti yoshdan etti yoshgacha) bo`lishi belgilangan.
Ko`pchilikni ushbu yangilik barcha MTTda amal qilish yoki qilmasligi hamda qachondan kuchga kirishi qiziqtirishi tabiiy.
Biz bu masalada Maktabgacha ta`lim vazirligining Matbuot xizmatiga murojaat qilib, savolimizga aniqlik kiritdik.
Matbuot xizmati rahbari Dilafruz Ikromovaning ma`lum qilishicha, mazkur me`yor xususiy MTTga taalluqlidir. Hozirda ularga bolalarni ikki yoshdan qabul qilishga ruxsat etilgan bo`lib, qonun kuchga kirishi bilan ya`ni 2020 yilning 16 iyunidan xususiy MTT bolalarni bir yoshdan qabul qilish huquqiga ega bo`ladi.
MTT to`g`risidagi amaldagi Nizomda davlat tasarrufidagi MTTga bolalarni uch yoshdan qabul qilish mumkinligi belgilangan.