AsosiySiyosat

Sergey Lavrov O`zbekistonga kelyapti

'Sergey Lavrov O`zbekistonga kelyapti'ning rasmi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2020 yilning 12-13 yanvar kunlari O`zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova 26 dekabr kuni bo`lib o`tgan brifingda ma`lum qildi, deb yozmoqda TASSga tayanib “Kun.uz”

«Vazir O`zbekiston prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Ushbu davlat tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar olib boriladi», - dedi u.

Zaxarovaning so`zlariga ko`ra, rejalashtirilgan muloqotlar davomida ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning barcha jihatlari ko`rib chiqilishi kutilmoqda. «Rossiya prezidentining O`zbekistonga davlat tashrifi doirasida, 2018 yil 18 oktyabr kuni erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, 2020 yilga rejalashtirilgan tadbirlarga alohida e`tibor beriladi», - dedi Rossiya TIV rasmiy vakili.

Uning ta`kidlashicha, ikki davlat tashqi siyosat idoralari o`rtasida 2020-2021 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturini imzolash rejalashtirilgan bo`lib, u tashqi siyosatning ko`p tomonlama va mintaqaviy yo`nalishlarida yondashuvlar hamda faoliyatini muvofiqlashtirishni ko`zda tutadi. «Bu o`zaro hamkorlik Rossiya va O`zbekiston o`rtasida mavjud bo`lgan strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasining ifodasidir», - deya xulosa qildi diplomat.

Zaxarova Rossiya diplomatik idorasi rahbari RF TIV «MGIMO» Toshkent filialining o`qituvchilari va talabalariga ma`ruza o`qishini qo`shimcha qildi.
 
Avvalroq, O`zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Ilhom Ne`matov «RIA Novosti»ga mamlakat Evrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo`shilishdan foyda ko`rishi mumkin ekani, bu masala hozir qizg`in muhokama qilinayotganini xabar bergandi.

«Hozir bu masala o`rganilmoqda, sinchkovlik bilan o`rganilmoqda. O`rganish natijalari keyinchalik taroziga qo`yiladi va qaror qabul qilinadi», - dedi Ne`matov «RIA Novosti»ga.

 

    Boshqa yangiliklar