Amerikaning “Harper's Bazaar” nashri 2020 yilda albatta sayohat qilish lozim bo`lgan 20 ta eng yaxshi yo`nalishni ro`yxatini taqdim qildi, unga ko`ra, O`zbekiston birinchi o`rinda.
“Sayyoramizda bizni hayratga soluvchi Eyfel minorasi, Sidney opera teatri va Piramidalar kabi bir nechta sun`iy inshootlar. Ular bizni suratlar orqali o`ziga chorlaydi va biz o`sha tomonlar sari oshiqamiz. Mana shu yodgorliklar qatoriga yana bir mo``jiza – Samarqand markaziy maydonida joylashgan uch bino, murakkab naqsh va moviy gumbazli Registonni qo`shish vaqti keldi”, - deyiladi maqolada.
Shuningdek, unda 2016 yilda hukumatdagi o`zgarishlar mamlakat turizmida sezilarli siljishga zamin yaratgani ta`kidlab o`tiladi. “Yangi infratuzilmalar barpo etildi, butik-otellar paydo bo`la boshladi, restoranlar esa Markaziy Osiyo taomlarini xush ko`ruvchi mijozlarga xizmat ko`rsatishni boshlashdi”, - deya izoh beriladi unda. “Harper's Bazaar” barchani O`zbekistonga sayohat qilishga chorlar ekan, Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Farg`ona vodiysiga alohida urg`u berib o`tgan.
“Farg`ona vodiysi nafaqat dunyodagi eng yaxshi kulolchilik buyumlari bilan, balki serviqor Tyan-Shan tog`lari bilan o`ralgan go`zal manzarani ham namoyon etadi”, - deyiladi saytda. Jurnalda qayd etilishicha, Top-20 ro`yxatiga kiritilgan davlatlar kelgusi o`n yillikning oxiriga kelib xalqaro miqyosda eng “qaynoq” turistik nuqtalarga aylanishi kutilmoqda. Ro`yxatda ikkinchi o`rinni - Botsvana, uchinchi o`rinni Sidney (Avstraliya) egalladi. Shuningdek, ro`yxatdan Xyuston (AQSh), Braziliya, Yaponiya, Nyu-York (AQSh), Fransiya, Urugvay, Avstriya ham joy olgan.






