Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda farg`onalik Kamolxon ismli haydovchining Toshkentdan Farg`onaga qarab yo`lga chiqqani va shu bilan izsiz yo`qolgani haqida xabarlar ko`paydi. Keyinchalik voqeaning tasdiqlanmagan turli xabarlari ham berilgan edi. Ayni paytda ushbu, keng jamoatchilik tomonidan muhokamalarga sabab bo`layotgan voqea bo`yicha Bosh prokuratura Matbuot xizmati “darakchi.uz”ga aniq ma`lumotlar taqdim etdi.
Keltirilishicha, 2020 yil 6 yanvar kuni Farg`ona viloyati, Dang`ara tumani, Toshkent ko`chasi, 80-uyda yashovchi Davidova Buzulfiya Obidovna Ohangaron tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, unda 1962 y.t. turmush o`rtog`i Yuldashev Komoljon Absalomovich 2020 yil 5 yanvar kuni soat 15:00 larda ishonchnoma asosida boshqaruvida bo`lgan, oq rangli “Kobalt” rusumli, davlat raqami 40Z075RA bo`lgan avtomashinada “Qo`qon-Toshkent” yo`nalishi bo`ylab kira qilish maqsadida uyidan chiqib ketganligini ma`lum qilib, uni topishda amaliy yordam berishni so`ragan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, bedarak yo`qolgan K.Yuldashev 2020 yil 5 yanvar kuni soat 23:00 larda Toshkent shahar, Bektemir tumanida joylashgan “Vodiy” avtobekatidan Farg`ona viloyati, Dang`ara tumaniga ketish uchun o`zining boshqaruvidagi avtomashinada yo`lga chiqib, shu kuni soat 23:52da qizi U.Parmanova bilan o`zining 90-307-47-46 raqamli uyali telefoni orqali gaplashganida, “Ohangaron”dan Beshariq tumaniga yo`lovchi olib qaytayotganligini ma`lum qilganligi, shundan keyin uning telefoni o`chirilib, uyiga etib bormaganligi aniqlangan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2020 yil 7 yanvar kuni soat 18:00 larda bedarak yo`qolgan K.Yuldashevning boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli, davlat raqam belgisi 40Z075RA bo`lgan avtomashina Ohangaron shahar, Yangiobod mahallasi, Alpomish ko`chasidagi fuqaro J.Shermatovga tegishli 11-uyning oldidagi ko`chada turganligi aniqlangan.
Hodisa joyi va avtomashina ko`zdan kechirilib, avtomashina saloni va yukxonasidan qonga o`xshash qizg`ish dog`lardan namunalar va o`rindiq jildlari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Ushbu holat yuzasidan 2020 yil 7 yanvar kuni Ohangaron shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 2-qismi “i” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida, K.Yuldashevning murdasi 2020 yil 8 yanvar kuni uning avtomashinasi topilgan joyidan 18 km.da uzoqlikda, ya`ni Ohangaron tumani, Telov mahallasi hududidan oqib o`tuvchi “Angren” daryosi ustidan o`tuvchi “Nurobod-Telov” avtomobil yo`lidagi ko`prikdan o`ng tomonga, daryo o`zani chap tomoni bo`ylab 1-2 km. ichkarida, chakalakzorlar orasida yalang`och holatda badanining oldi tarafida 7 marotaba hamda orqa tomonida 7 marotaba o`tkir tig`li jism bilan etkazilgan tan jarohatlari bilan topilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, K.Yuldashevning o`limi qo`shma jarohat: bosh miya yopiq jarohati, ko`krak old-orqa va yonbosh, qorin sohalarida ko`plab sanchilib kesilgan jarohatlari oqibatida kelib chiqqan tashqi va ichki qon ketishi natijasida yuzaga kelganligi ko`rsatilgan.
Hozirda jinoyatni fosh etish choralari ko`rilmoqda.






