9-yanvar kuni soat 23.30 da Chilonzor tumani Bunyodkor ko`chasida joylashgan Xalqlar do`stligi saroyi qarshisida ikkita avtomobil ishtirokida yo`l-transport hodisasi ro`y berdi.
Ushbu holat bo`yicha Tergov departamenti qo`shimcha ma`lumot berdi.
“Lasetti” rusumli avtomobil (davlat raqami 01 V 889 WA) haydovchisi 44 yoshli D.M. Islom Karimov ko`chasiga burilishdan oldin svetoforgacha bir necha metr masofa qolganida tor joyda to`xtagan. Tezlikni oshirib harakatlanib kelayotgan “BMV” avtomobili (davlat raqami 01 T 777 EV, Shayxontohur tumanida yashovchi 63 yoshli K.M. nomiga rasmiylashtirilgan) “Lasetti”ga to`qnashishi oqibatida avtomobillarda yong`in kelib chiqqan.
“Lasetti” rusumli avtomobil haydovchisi va 6 yoshli yo`lovchisi D.M. Toshkent shahar IIBB YPX va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qutqarilgach, jarohat va kuyishlar bilan shifoxonaga etkazilganlar. Yana ikki nafar yo`lovchilar – 44 yoshli I.M. va 8 yoshli Ya.M. voqea joyida hayotdan ko`z yumdilar.
“BMV” avtomobili haydovchisi voqea joyidan yashirindi. YTH sodir bo`lganida avtomobilni boshqargan haydovchining shaxsini aniqlash bo`yicha choralar ko`rilmoqda.
YTHning taxminiy sababi: “BMV” avtomobili haydovchisi tezlikni keskin oshirgan.
YTH fakti bo`yicha Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) “a” bandi 3-qismi bilan jinoiy ish qo`zg`atildi.
Marhumlarning yaqinlariga chuqur ta`ziya izhor etamiz. YHQga rioya qiling, deyiladi rasmiy xabarda.






