AsosiyJamiyat

Senat a`zolari saylovi qanday o`tkaziladi?

'Senat a`zolari saylovi qanday o`tkaziladi?'ning rasmi

Shu kunlarda Senat a`zolari saylovi arafasidamiz. Avval bu saylov Markaziy saylov komissiyasining nizomi asosida olib borilar edi. Endi O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o`tkaziladi.

Senat a`zolari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qo`shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo`li bilan o`tkaziladi.

Shu yil 8 yanvar kuni bo`lib o`tgan Markaziy saylov komissiyasi yig`ilishida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari saylovini o`tkazish muddatlari va o`tkaziladigan joylari belgilandi.

Senat a`zolarining saylovi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o`tkaziladi.

Saylovchi deputatni bevosita saylagan bo`lsa, Senat a`zosi saylovchi ishonch bildirgan vakili – deputat tomonidan bilvosita saylanadi. Aynan shu jarayon deputatning zimmasiga katta mas`uliyat yuklaydi.

Yuqorida aytilganidek, Senat a`zoligiga nomzodlar ko`rsatish qo`shma majlisda amalga oshiriladi. Senat a`zoligiga nomzodlar ko`rsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy ko`pchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi.

Kodeksga kiritilgan ushbu qoida avvalgi nizomlarda belgilangan Oqsoqollar kengashi emas, balki Maslahat kengashi institutiga Senat a`zoligiga nomzodlarni tavsiya qilish vakolatini beradi.

Maslahat kengashi davlat va jamiyat faoliyatining turli tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo`lgan hamda alohida xizmat ko`rsatgan eng obro`li deputatlar orasidan Senat a`zoligiga nomzodlarni ko`rsatadi va ko`rib chiqadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif beradi.

Qo`shma majlisda Maslahat kengashi raisi tavsiya etilayotgan nomzodlar haqida malumot beradi va majlis ishtirokchilarining fikr va mulohazalari eshitilib, ushbu Senat a`zoligiga nomzodlar saylov byulleteniga kiritilishi qo`llab-quvvatlangach, saylov byulleteniga kiritish haqida qaror qabul qilinadi.

Saylov byulleteniga olti nafardan kam bo`lmagan Senat a`zoligiga nomzod kiritiladi.

Navbatdagi masala saylov jarayonini tashkil qilish bo`lib, qo`shma majlis qatnashchilari tarkibidan Sanoq komissiyasi saylanishi ham bu saylovning o`ziga xos xususiyatlarini ko`rsatadi.

Yashirin ovoz berishni o`tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qo`shma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan to`qqiz nafargacha a`zodan, shu jumladan, komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda Sanoq komissiyasi saylanadi. Bu komissiya saylovning adolatli o`tkazilishida muhim o`rin tutadi.

Yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin Sanoq komissiyasi raisi uni o`tkazish tartibini e`lon qiladi. Komissiya a`zolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va bir marotaba ishlatiladigan plombalar bilan muhrlaydi.

Saylov qutisi ovoz beruvchi uning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasi orqali o`tib boradigan qilib o`rnatiladi. Qo`shma majlisda ishtirok etayotgan deputat Sanoq komissiyasi a`zosiga o`z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko`rsatadi hamda ovoz beruvchilar ro`yxatiga imzo qo`yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni topshiriladi.

" yoxud "x" belgisini qo`yish orqali to`ldiriladi.üSaylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida o`zi yoqlab ovoz berayotgan Senat a`zoligiga nomzodlarning familiyasi ro`parasida, o`ng tomonda joylashgan bo`sh kvadratga "+" yoki ".

Ovoz beruvchi to`ldirilgan saylov byulletenini ko`rinarli joyda turishi kerak bo`lgan saylov qutisiga tashlaydi. Buzib qo`yilgan saylov byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga ko`ra yangisiga almashtirilishi mumkin. Yashirin ovoz berish jarayoni tugaganidan keyin foydalanilmagan, shuningdek, buzib qo`yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi lozim. Bunday byulletenlarning chap tomondagi yuqori burchagi qirqib qo`yiladi va alohida saqlanadi. Ovozlarni sanab chiqish Sanoq komissiyasi a`zolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlanguniga qadar tanaffussiz o`tkaziladi.

Yashirin ovoz berish natijalari bo`yicha bayonnoma tuziladi. Bayonnoma Sanoq komissiyasining barcha a`zolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomaning qalamda to`ldirilishiga va unga biron-bir tuzatishlar kiritilishiga yo`l qo`yilmaydi.

Ovoz berish natijalariga ko`ra boshqa nomzodlarga nisbatan ko`proq ovoz olgan Senat a`zoligiga nomzodlar, basharti qo`shma majlisda hozir bo`lgan mahalliy Kengashlar deputatlarining ellik foizidan ko`prog`i ularni yoqlab ovoz bergan bo`lsa, saylangan hisoblanadi.

Agar ovoz berish chog`ida belgilangan miqdorda Senat a`zolari saylanmagan bo`lsa, saylanmay qolgan miqdordagi Senat a`zoligi uchun ovozlarning zarur miqdorini to`plamagan nomzodlar bo`yicha ana shu qo`shma majlisning o`zida takroriy ovoz berish o`tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasi qo`shma majlislarning bayonnomalari asosida bu bayonnomalar kelib tushgan kundan e`tiboran besh kundan kechiktirmay Senat a`zolarini ro`yxatga oladi. Ro`yxatga olishdan keyin o`n kun ichida esa guvohnoma va ko`krak nishoni beradi.

Agar saylov davomida, ovozlarni sanab chiqish, yashirin ovoz berish natijalarini aniqlash chog`ida ushbu kodeks talablari saylov natijalariga ta`sir qilgan tarzda buzilishiga yo`l qo`yilgan bo`lsa, Markaziy saylov komissiyasi Senat a`zolarining saylovini haqiqiy emas, deb topishi mumkin.

Ko`rinib turibdiki, Senat a`zolari saylovi o`z ichiga bir necha bosqichni oluvchi murakkab saylov jarayoni hisoblanadi. Yuqorida qayd etilgan qoidalar aniq va bir xilda amalga oshirilishi saylovda qonuniylik, adolatlilik, erkinlik, haqqoniylik tamoyillari ta`minlanishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda Oliy Majlis Senati a`zolari saylovlarining qonun talablari asosida demokratik prinsiplar asosida o`tkazilishi, munosib nomzodlar saylanishi Senatning nufuzi oshishi, hududlar manfaatlarini umumdavlat manfaatlari bilan uyg`un holda ro`yobga chiqarishiga zamin yaratadi.

    Boshqa yangiliklar