AsosiyJamiyat

“Gazprom” O‘zbekistondagi loyihani tark etdi

O‘zbekistonning “Shohpaxta” konida mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim muddati yakunlangani uchun Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi kondagi faoliyatini tugatgan.

'“Gazprom” O‘zbekistondagi loyihani tark etdi'ning rasmi

2024 yil 31 iyul kuni O‘zbekistonning “Shohpaxta” konida mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim muddati yakunlangani uchun Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi kondagi faoliyatini tugatgan. Hozirda operatsion kompaniyani tugatish jarayonlari tasdiqlangan rejalar asosida va amaldagi qonunchilikka muvofiq olib borilmoqda. Bu haqda “Gazprom Zarubejneftegaz”ga tayanib, “Neftegaz.ru” xabar berdi.

“Shohpaxta” koni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida, Ustyurt platosining janubi-sharqiy qismida joylashgan. Ushbu kon 1962 yilda ochilgan. Gaz zaxiralari yura va trias geologik qatlamlariga mansub. Konning dastlabki gaz zaxiralari 39,9 milliard kub metrni tashkil qilgan, hozirgi vaqtda qazib olinadigan tabiiy gaz zaxiralari taxminan 8 milliard kub metrdan iborat. “Shohpaxta”da sanoat miqyosida gaz qazib olish 1974 yilda boshlanib, yiliga 2,5 milliard kub metr gaz qazib chiqarilgan. Konda jami 7 ta gazli qatlam mavjud bo‘lib, loyiha ana shu qolgan zaxiralarni samarali qayta ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.

2004 yilda “Gazprom Zarubejneftegaz” (hozirgi “Gazprom EP International Limited”) va “O‘zbekneftgaz” kompaniyalaridan iborat konsorsium “Shohpaxta” konini rekonstruksiya qilish va qayta ishlab chiqish bo‘yicha bitim imzolagan. Bitim muddati 15 yil deb belgilangan. 2018 yil may oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida bitim muddati 2024 yilgacha uzaytirilgan va shartlar o‘zgartirilmagan holda qoldirilgan.

2009 yil iyun oyida “Shohpaxta” blokida yangi Jel koni topilgan. Bu konning tasdiqlangan zaxiralari 6,4 milliard kub metr gaz va 76 ming tonna gaz kondensatini tashkil qiladi. Jel koni bo‘yicha bitim 2018 yil oktyabrda “Gazprom EP International Limited” va O‘zbekiston Energetika vazirligi tomonidan imzolangan. Jel konining ishga tushirilishi 2026 yilga mo‘ljallangan. 

“Gazprom” o‘zining “Gas Project Development Central Asia” sho‘ba korxonasi orqali O‘zbekistondagi yana bir loyiha – “O‘zbekiston Mustaqilligi” investitsiya blokida ishtirok etmoqda. Bu loyiha “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) deb nomlangan konni qayta razvedka qilish va ishlab chiqishga qaratilgan”, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar