Ijtimoiy tarmoqda maktablarda turniket o`rnatilishi bo`yicha e`tirozli murojaat e`lon qilingan edi. Xalq ta`limi vazirligi mazkur holatga oydinlik kiritdi.
Hozirgi kunda ba`zi maktablarda direktorlar tomonidan o`zboshimchalik bilan noqonuniy pul yig`imlari amalga oshirilib, turli xildagi turniket o`rnatish holatlari uchramoqda.
Ta`kidlash lozimki, amalda foydalanilayotgan turniketlar o`zini oqlamadi. Shuning uchun, barcha maktablarga o`zboshimchalik bilan turniketlarni o`rnatishga chek qo`yish bo`yicha topshiriq berilgan.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2019 yil 23 avgustda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o`qituvchi mavqeini oshirish” masalalariga bag`ishlab o`tkazilgan videoselektor majlisi bayonining 15-bandi bilan O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligiga ijtimoiy hamda mobil operator tarmoqlari orqali ota-onalarga o`z farzandi tarbiyasidagi mas`uliyatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy xabarlarni yuborish tizimini joriy etish, qolaversa, tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahridagi umumta`lim muassasalarida o`quvchilar davomatini nazorat qilishning elektron axborot tizimini yaratish vazifalari yuklatilgan.
Ushbu yo`nalishda yangi turniketsiz elektron axborot tizimi tajriba-sinovdan o`tkazilmoqda.






