2020 yil 22 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisi bo`lib o`tdi. Unda yangi parlament quyi palatasining qo`mitalarini shakllantirish masalasi ko`rib chiqildi.
Qonunchilik palatasi qo`mitasining raisi, uning o`rinbosari va qo`mita a`zolari palata majlisida Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining ko`pchilik ovozi bilan saylanadi.
Amaldagi ana shu tartib-taomillarga muvofiq, Qonunchilik palatasi tomonidan uning deputatlari orasidan palataning vakolatlari muddatiga rais, uning o`rinbosari va a`zolardan iborat tarkibda qo`mitalar tuzildi. Unga ko`ra, parlament quyi palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo`mitasi, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo`mitasi, Fuqarolarning sog`lig`ini saqlash masalalari qo`mitasi, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo`mitasi, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo`mitasi, Agrar va suv xo`jaligi masalalari qo`mitasi, Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi, Innovasion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo`mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo`mitasi tuzildi.
Majlisda Qonunchilik palatasi qo`mitalarining raisi, ularning o`rinbosari, shuningdek qo`mita a`zolari saylangani to`g`risida Qonunchilik palatasining qarorlari qabul qilindi.






