“Milliy tiklanish” DP fraksiyasida yangi tarkibdagi Hukumat a`zoligiga nomzodlarni ko`rib chiqish va ma`qullash masalalari muhokama qilindi.
Yig`ilishni partiya fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov olib bordi. Unda Vazirlar Mahkamasi a`zoligiga ko`rsatilgan nomzodlarni tasdiqlash masalasi ko`rib chiqildi.
Ma`lumki, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida”gi Qonunga Vazirlar Mahkamasi a`zoligiga nomzodlar deputatlar tomonidan tasdiqlanadi.
Yig`ilishda dastlab, fraksiya a`zolari nomzodlarning istiqbolga mo`ljallangan maqsadli ko`rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini eshitdi.
Deputatlar ko`rsatilgan nomzodlarga partiya saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Madaniyat vazirligiga nomzod O.Nazarbekovga milliy musiqa san`atimizni rivojlantirishning muammolari, jumladan, milliy musiqa asboblarimizning nota tizimlari mavjud emasligi, bu o`z o`rnida sanat faqatgina ustoz-shogird munosabatlari va quloqdan-quloqqa ko`chib yurganligini muammo sifatida ko`rsatib, echimlari haqida fikrlarini so`radi.
– Milliy musiqa asboblarimizning nota tizimlarini yaratish choralari ko`rilmoqda Maqom san`ati bo`yicha ilm qilinmagani bor gap. Mukammal o`quv dasturlari, uslubiy qo`llanmalar tayyorlanmagan. Shu sababli Maqom akademiyasini tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Bu borada Prezident qarori tayyorlanmoqda, – dedi O.Nazarbekov.
Energetika vazirligiga nomzod A.Sultonovdan aholini gaz, elektr va suv bilan ta`minlashdagi muammolar, ularni echimlari bo`yicha rejalari so`raldi. Gaz, elektr va suvdan noqonuniy qurilmalar orqali foydalanganlik bo`yicha qonunchilikdagi jazoni kuchaytirish kerakligi ta`kidlandi.
Deputatlar aholini suyultirilgan gaz bilan ta`minlashda muammolar borligi, u vaqtida etkazib berilmayotganini tanqid qildi. Xorij tajribasidan foydalangan holda joyiga borib gaz ballonlarni suyultirilgan gaz bilan to`ldirib berish taklifi ilgari surildi.
Umuman olganda fraksiya tomonidan Vazirlar Mahkamasi a`zoligiga ko`rsatilgan nomzodlar ma`qullandi va har bir nomzodning harakatlar rejasida ko`zda tutilgan vazifalarning ijrosi yuzasidan O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi faol deputatlik va parlament nazoratini o`rnatishini bildirildi.






