Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shunday taklif bilan chiqmoqda, deyiladi Norma xabarida. Idora tomonidan ishlab chiqilgan tuzatishlar loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, 2019 yilning sentyabr oyida mamlakatimiz Hukumati tarmoq koeffisientlari va tuman koeffisientlari qo`llaniladigan tabiiy-iqlim sharoitlari og`ir va noqulay bo`lgan joylar ro`yxatini tasdiqlagan. Biroq shundan keyin Vazirlar Mahkamasiga qabul qilingan qaror doirasidan tashqarida qolgan tashkilotlar va fuqarolardan murojaatlar kelib tusha boshladi.
Shu munosabat bilan loyiha mualliflari quyidagilarni taklif etishmoqda:
birinchidan, Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 3 avgustdagi 389-son qarorining 18-bandiga tuzatish kiritish. Unda gap Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi neftni qayta ishlash zavodida bevosita band bo`lgan barcha toifadagi xodimlarning ish haqlariga suvsizlik va cho`l sharoitlari uchun tuman koeffisienti (1,7) xususida bormoqda.
Hujjatning davlat tilidagi matnida ushbu koeffisient zavod qurilishi olib borilgan davr mobaynida amal qilishi ko`rsatilgan, biroq rus tilidagi versiyasida bu mavjud emas. Amalda esa koeffisient doimiy asosda qo`llanilmoqda, shuningdek u yangi hujjatda ham aks ettirilgan. Xodimlarning ish haqi kamayishiga yo`l qo`ymaslik uchun 18-bandning ikkinchi xatboshisidan «qurilishida bevosita» so`zlarini olib tashlashmoqchi;
ikkinchidan, Buxoro viloyatining Olot va Qorako`l tumanlari hamda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida 1,2 miqdordagi tuman koeffisientini joriy etish. Tabiiy-iqlim sharoitlarini qo`shimcha tahlil qilish shuni ko`rsatdiki, yilda havo harorati 41oSdan ortiq kunlar, chang-to`zonli bo`ron va yog`inlarning o`rtacha yillik me`yori (keskin qiymat) bu erda mamlakat bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichlardan jiddiy ravishda oshadi.
Loyihaga ilova qilingan tushuntirish xatiga asosan, tuman koeffisientlari 17,3 ming nafardan ziyod byudjetchilarni va barcha xo`jalik hisobidagi tashkilotlarni qamrab oladi. Ushbu chora-tadbirlarni ro`yobga chiqarish uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 37 mlrd so`m byudjet mablag`lari talab etiladi.
Shuningdek, mehnatkashlarga ushbu tumanlarda qo`shimcha mehnat ta`tilining eng kam muddatini (2 ish kuni) belgilash rejalashtirilmoqda;
uchinchidan, kasbning ishlab chiqarish jarayonidagi ahamiyati hamda mehnatning murakkabligi va shartlaridan kelib chiqib, tarmoq koeffisientlarini tarif stavkalari guruhlari bilan bog`lagan holda rangli metallurgiya korxonalarida tarif stavkalari guruhlari tizimini joriy etish. Uran va toriy konlarida qazib olish bilan shug`ullanuvchi xodimlarga ham oshirilgan tarmoq koeffisientlarini belgilash taklif qilinmoqda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida shu tariqa mehnatga haq to`lash tizimini tartibga solish ta`minlanadi va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi, degan fikrdalar.
Loyiha o`zgartirilishi, unga qo`shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.






