Jinoyat-prosessual kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilishi mumkin. Bu boradagi tegishli qonun loyihasi muhokamaga qo`yildi.
Hujjatga binoan, kodeksning 52 modda birinchi qismiga quyidagi qo`shimchalar kiritilgan:
«Himoyachidan voz kechish jarayoni majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi, bu haqda bayonnomaga yozib qo`yiladi. Videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinadi. Bunda himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilishiga yo`l qo`yilmaydi».
Shuningdek, kodeksning 91 moddasi tahririga ko`ra quyidagi prosessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi belgilanmoqda:
— o`ta og`ir jinoyatlar bo`yicha hodisa sodir bo`lgan joyni ko`zdan kechirish;
— tintuv;
— ko`rsatuvlarni hodisa sodir bo`lgan joyda tekshirish;
— tergov eksperimenti;
— ushlab turish;
— himoyachidan voz kechish;
— shaxsni ushlash jarayonida o`tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo`yish.
Shu bilan birga, kodeksning 224 moddasiga muvofiq, shaxsni yalang`ochlash bilan bog`liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.
Muhokama joriy yilning 7 fevraliga qadar davom etadi.






