AsosiyJamiyat

Bosh prokuratura tomonidan inson huquqlarini yanada himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi

'Bosh prokuratura tomonidan inson huquqlarini yanada himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi “Konstitusiya va qonun ustuvorligini ta`minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Bosh prokuratura tomonidan “O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksiga o`zgartishlar va qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihada quyidagi prosessual harakatlarni amalga oshirishda videoyozuvdan foydalanish majburiyligini belgilash nazarda tutilgan:

1) gumonlanuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining himoyachidan voz kechish jarayoni;

2) shaxsni ushlash jarayoni;

3) shaxsni ushlash jarayonida o`tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo`yish.

Yuqoridagi jarayonlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida tegishli bayonnomaga yozib qo`yiladi hamda unga videoyozuv materiallari ilova qilinadi.

Shaxsni ushlash jarayonida videoyozuvni qo`llash imkonini bermaydigan kechiktirib bo`lmaydigan hollardagina (jinoyat sodir etilgan joyda shaxsni ushlash, qidiruvda yurgan shaxsni ushlash va boshqalar) prosessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etmasdan o`tkazishga yo`l qo`yilishi mumkinligini belgilash taklif qilinmoqda. 

Biroq, bunday holatlarda ham ushlangan shaxs davlat organi binosiga olib kelinganidan so`ng uning huquqlarini videoyozuvga qayd qilgan holda tushuntirish majburiyati belgilanmoqda. 

Bundan tashqari, loyiha bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan so`ng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to`g`risida ushbu shaxsning oila a`zolaridan biriga, ular bo`lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga darhol xabar berish majburiyati yuklatilmoqda.

    Boshqa yangiliklar