Shu yilning 22 yanvar kuni Qo`qon shahar hokimi Vroslav Oliy bank maktabi instituti rahbariyatining taklifiga binoan Polshaning Vroslav shahriga etib keldi. Bu haqda Qo`qon shahar hokimligi xabar berdi.
Institut rektori Jasek Mersik ( Jacek Mercik) tomonidan iliq kutib olingan Marufjon Usmonov o`quv xonalari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va institutning yangi qurilayotgan binosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Vroslav shahrida institut rahbariyati bilan o`tkazilgan uchrashuv davomida Qo`qon shahar hokimi o`quv dargohi ta`lim dasturi bilan yaqindan tanishtirildi. O`tkazilgan muzokaralar davomida Qo`qon shahrida institut filialini tashkil etish yuzasidan so`nggi kelishuvlarga erishildi. Uchrashuvda shahar hokimiga ushbu loyihaga sarmoya kiritish istagida bo`lgan kompaniya vakili ham hamroxlik qildi.
Qo`qonda yangi oliy o`quv dargohining ochilishi shahrimizda ko`plab tarmoqlarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Mavjud va yangi sanoat korxonalari uchun malakali kadrlar etkazib berish va qo`shimcha ish o`rinlarini tashkil etish imkoni bilan bir qatorda talabalarga xizmat ko`rsatadigan sohalarda (ovqatlanish, yotoqxona kampuslar, transport) yangi biznes sub`ektlarini tashkil etish uchun sharoit yaratiladi.
Muzokaralar natijasiga ko`ra Vroslav Oliy Bank maktabi instituti rektori Jasek Mersik Qo`qon shahrida institut filialini ochilishini qo`llab-quvvatlashini bildirdi.
2019 yilning may oyida ushbu mavzudagi memorandum institut vise-kansleri Barbara Shepannik va shahar hokimi Marufjon Usmonov tomonidan imzolangan edi.






