AsosiyJamiyat

2019 yilda 50 mingdan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan Ellikqal`a turizm markaziga aylantiriladi

'2019 yilda 50 mingdan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan Ellikqal`a turizm markaziga aylantiriladi'ning rasmi

Ellikqal`a tumani, Bo`ston shahrida “Ellikqal`a – turizm markazi” xalqaro ilmiy-iqtisodiy, madaniy-ma`rifiy konferensiya bo`lib o`tmoqda. Forumning asosiy maqsadi Ellikqal`a tumanini yangi turizm markaziga aylantirishga yo`naltirilgan. Bu haqda "O`zbekturizm" Davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ellikqal`a tumani hokimligi hamda "Hamkor Stimul Servis" innovasion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi shafeligi ostida o`tkazilmoqda.

Anjuman ishtirokchilari - Saudiya Arabistoni elchixonasi press attashesi janob Naif Al-Dosariy, "Hamkor Stimul Servis" innovasion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Sultonova, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Marketing tadqiqotlari va milliy turizm mahsulotlarini targ`ib qilish boshqarmasi boshlig`i O.Olimjonov, Irlandiyaning marketing bo`yicha mutaxassisi Penni Oneyl hamda Xitoy kompaniyasining O`zbekistondagi vakillari Li Gem Cher va Li Robert.

Anjuman davomida ishtirokchi va mehmonlarga Qoraqalpog`iston Respublikasi Ellikqal`a tumani hududida joylashgan qadimiy Xorazm qal`alari haqida ma`lumotlar berildi.

Etakchi arxeolog G.Xo`janiyozov tomonidan hududdagi tarixiy yodgorliklar, ularning nomlari va o`ziga xos xususiyatlari, sobiq Qavat qal`a vohasiga oid taqdimot namoyish etilib, ularning hali to`laligicha o`rganilmagani ta`kidlandi.

G.Xo`janiyozov qoraqalpog`istonlik arxeologlarning 20 yildan ziyod Sidney universiteti bilan hamkorlik qilayotganini qayd etib, har bir tarixiy ob`ektning muhofaza qilinuvchi zonasini belgilab olishni taklif qildi.   

Shuningdek, tadbir davomida Ellikqal`a tumani hokimi S.Avezov ham so`zga chiqib, sanoat turizm va qishloq xo`jaligi hisobiga rivojlanayotganini ta`kidladi.

“2019 yilda Ellikqal`a tumaniga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 50 mingdan oshdi. Biz bu ko`rsatkichlarda to`xtab qolmay, bundan-da yuqori natijalarni qayd etish yo`lida ishlayapmiz”, - dedi u.

Ta`kidlash lozimki, “Ellikqal`a – turizm markazi” xalqaro konferensiyasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi “Qoraqalpog`iston Respublikasida turizmni rivojlantirish to`g`risida”gi chora-tadbirlar rejasi ijrosi sifatida tashkil etilgan.

    Boshqa yangiliklar