AsosiyJamiyat

Toshkentning bir necha chorrahalarida svetoforning sariq rangi yonmayotganliga izoh berildi

'Toshkentning bir necha chorrahalarida svetoforning sariq rangi yonmayotganliga izoh berildi'ning rasmi

Toshkentning bir necha chorrahalarida svetoforlarning ishlash tartibi o`zgarganligi haqida Toshkent shahar IIBB xabar berdi

 

Yo`l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida poytaxtning bir nechta chorrahalarida svetoforning ishlash tartibi o`zgartirilgan edi. O`zgarish quyidagi ko`rinishga ega:

Yo`nalishlardan birida svetoforning taqiqlovchi (qizil) signalidan so`ng (sariqni chetlab) ruxsat beruvchi (yashil) signal yonmoqda. Shu vaqtda qarama qarshi yo`nalishda svetofor standart tartibda (qizil, sariq, yashil) ishlaydi.    

Sinov shaharning to`rtta chorrahalarida boshlandi: Amir Temur – Nukus ko`chalari; Sharof Rashidov – Islom Karimov ko`chalari, Afrosiyob – Shahrisabz ko`chalari; Sodiq Azimov – Fidokor ko`chalari. Ijobiy natijalarni uzoq kutishga to`g`ri kelmadi, yuqoridagi chorrahalarda kichik to`qnashuvlar soni kamaydi. Bundan tashqari, ushbu o`zgarish yo`nalishlardan biriga ikkinchi yo`nalish harakatni boshlashidan oldin burilishlarni tugatish uchun fursat beradi va bu bilan chorrahalardagi tirbandlikning oldi olinadi. 

Natijalar ijobiy bo`lganligi sababli ushbu yangi tartib to`liq ishga tushirilgan. Masalan faqatgina Uchtepa tumanida o`zgarishlar o`ndan ortiq chorrahalarda, Chilonzor tumanida – beshta, Sergeli tumanida ham beshta chorrahalarda ishga tushirildi. 

Haydovchilar asta-sekin svetoforning yangi tartibiga ko`nikishmoqda, YPX xodimlarining kuzatuvlariga ko`ra ular ruxsat beruvchi signalga ilgarigidan ko`ra sekinroq qo`zg`alishni boshlaganlar. Ammo bizga “muammo” haqidagi xabarlar muntazam ravishda kelib tushmoqda – haydovchilar, “sariq ishlamasa” svetofor buzilgan deb o`ylashmoqda. Umid qilamizki, maqolamiz barcha uchun foydali bo`lib, haydovchilarning xavotirlari yo`qolishiga va yo`l harakati xavfsizligi uchun yangi tartibning afzal tomonlariga e`tibor qaratishlariga sabab bo`ladi.

 

    Boshqa yangiliklar