2020 yil 24 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni e`lon qilindi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi xabarida yozilishicha, Farmon bilan jismoniy tarbiya va sport tizimini isloh qilishning 2025 yilgacha asosiy yo`nalishlari belgilandi:
- jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilot va muassasalarida shug`ullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish;
- davlat sport ta`limi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan, oliy ma`lumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich 80 foizgacha etkazish;
- joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof to`rt bosqichli – tashkilot-tuman (shahar)-hudud-respublika tizimini ishlab chiqish va joriy etish;
- OTM talabalari o`rtasida “Talabalar sport o`yinlari”ni tashkil etish;
- “Jismoniy tayyorgarligi rivojlangan muassasa” ko`rik-tanlovini bosqichma-bosqich (tuman/shahar, hudud, respublika) o`tkazish tizimini ishlab chiqish va jismoniy tayyorgarlik darajasi rivojlangan eng yaxshi umumta`lim maktabi, professional va oliy ta`lim muassasasi nominasiyasini joriy etish va boshqalar.
Oliy ta`lim muassasalari kamida bittadan ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan, shu jumladan, milliy sport turlariga ixtisoslashtiriladi.
Ta`lim muassasalarining sport inshootlarini, ularda rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash bo`yicha investisiya majburiyatini olgan holda, o`quv mashg`ulotlaridan bo`sh vaqtda tadbirkorlik sub`ektlariga foydalanishga berishga ruxsat etildi.
2020 yil 1 fevraldan boshlab sport sohasidagi yutuqlarni munosib ravishda rag`batlantirish maqsadida:
- olimpiya va paralimpiya sport turlari bo`yicha Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o`yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda g`olib va sovrindor (1-3 o`rin) bo`lgan sportchi-o`quvchilar O`zR Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladigan OTMlarga (tibbiyot yo`nalishidan tashqari) qo`shimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;
- “Bolalar sport o`yinlari”ning jamoaviy o`yin turlari bo`yicha respublika bosqichi g`oliblariga (1-o`rin) OTMlarga kirish imtihonlarida soha bo`yicha mutaxassislik fanidan maksimal ball olish huquqini beruvchi, uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat beriladi;
- olimpiya sport turlari bo`yicha respublika (1-o`rin) va xalqaro musobaqalarda (Olimpiya va Paralimpiya o`yinlarida, Osiyo va Paraosiyo o`yinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida (1-3 o`rinlar) g`olib chiqqan OTM talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yo`nalishidagi kafedralar o`qituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlar (dosent, professor) to`g`ridan-to`g`ri beriladi.
2020/2021 o`quv yiliga qadar OTMlarning jismoniy tarbiya va sport yo`nalishidagi bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining davlat ta`lim standartlari, malaka talablari va fan dasturlari takomillashtiriladi hamda bitiruvchilarga jismoniy tarbiya o`qituvchisi va ixtisoslashgan sport turi bo`yicha trener kvalifikasiyasini berish amaliyoti joriy etiladi.






