AsosiyJamiyat

Futbolchilarimizni qo`llab quvvatlash uchun Toshkentdan Tailandga maxsus charter reys yo`l oldi

'Futbolchilarimizni qo`llab quvvatlash uchun Toshkentdan Tailandga maxsus charter reys yo`l oldi'ning rasmi

Xabaringiz bor, Tailand davlatida U-23 Osiyo chempionati bahslari yana ikki o`yindan so`ng o`z yakuniga etadi. Bugun va ertaga musobaqaning eng muhim ikki o`yini o`tkaziladi.

Bugun, hamyurtlarimiz – O`zbekiston olimpiya terma jamoasi futbolchilari Osiyo chempionatining 3-o`rini va Tokio Olimpiadasi uchun to`g`ridan-to`g`ri yo`llanmani qo`lga kiritish uchun Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da Avstraliya olimpiya terma jamoasiga qarshi maydonga chiqishadi.

Futbolchilarimizni ushbu muhim bahsda maydondan turib qo`llab-quvvatlash maqsadida erta tongdan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan maxsus charter reys Tailand poytaxti Bangkok shahriga yo`l oldi.

Ushbu charter reysda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Milliy olimpiya qo`mitasi mutasaddi xodimlari hamda 150 ga yaqin muxlislar guruhi yo`l olishdi.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston — Avstraliya o`yini bugun, 25 yanvar kuni Toshkent vaqti 17:30 da boshlanadi. Musobaqa g`olibligi uchun Saudiya Arabistoni hamda Janubiy Koreya jamoalari ertaga 26 yanvar kuni bahslashadi.

Ishonamizki, bugun O`zbekiston olimpiya terma jamoasi avstraliyalik tengdoshlarini mag`lub etgan holda Tokio Olimpiadasi yo`llanmasini qo`lga kiritib, butun xalqimizning azaliy orzusini ro`yobga chiqarishadi. Biz bu yo`lda futbolchilarimizga omad tilab qolamiz!

    Boshqa yangiliklar