AsosiyJamiyat

Hokimlik nosoz va ta`mirtalab yo`llar Qarshi shahridagi eng og`riqli muammolardan biri ekanligini tan oldi

'Hokimlik nosoz va ta`mirtalab yo`llar Qarshi shahridagi eng og`riqli muammolardan biri ekanligini tan oldi'ning rasmi

Qarshi shahar hokimligi Axborot xizmati nosoz va ta`mirtalab yo`llar Qarshi shahridagi eng og`riqli muammolardan biri ekanligini tan oldi. Oxirgi paytda ijtimoiy tarmoqda, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarda bildirilayotgan eng ko`p e`tiroz ham shu masalaga taalluqli ekanligi aytilgan ma`lumotda.

 - Yog`in-sochinli kunlarda abgor yo`llarimiz aholiga anchagina qiyinchilik tug`dirayotgani rad etib bo`lmas ayni haqiqat. Fuqarolarning shikoyat va talabini ham to`g`ri tushunamiz, to`liq asosli, deb bilamiz.  O`tkazgan o`rganishlarimiz vaziyat biz kutganimizdan ham ancha ayanchli ekanini ko`rsatdi. Hatto hali shag`al to`kilmagan, tuproq yo`llarimiz borligi fikrimiz isboti. Xatlov natijasida Qarshi shahrida ta`mirtalab ichki yo`llar umumiy hisobda 180 kilometrdan oshiq ekani oydinlashdi.  180 kilometrdan ziyod ta`mirtalab yo`l kichik raqam emas har holda. Boshlang`ich hisob-kitobga ko`ra, 1 kilometr yo`lni asfalt qilish o`rtacha 600-700 million so`mga tushadi bugungi kunda.  

Bugun, ayni shu paytda yo`l ta`mirini va`da qilolmasligimiz mumkin. Ammo kunlar isiy boshlagach, amaliy ishga qo`l urilishi aniq gap. Bu quruq va`da emas. Nega hozir emas?  Mutaxassislar biladi, er qurigan mahal yo`l qurish uchun eng qulay payt. Shu muddatda ta`mirlashni sifatli bajarish imkoni bo`ladi.  

Umumiy xulosa sifatida shuni aytishni istardikki, Qarshi shahar hokimligi eng og`riqli masala – ta`mirtalab ichki yo`llarga butkul befarq qarayotgani yo`q. Bosqichma-bosqich va aniq reja  asosida ish tutib, muammoni echishni, odamlarning dardiga darmon bo`lishni maqsad qilganmiz.  Natija uchun harakat qilamiz. Sizdan vaziyatni to`g`ri baholashingizni va tushunishingizni so`raymiz, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar