Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi va Yunusobod tuman bo`limi tomonidan, 2019 yilning 1 noyabridan 31 dekabr kuniga qadar, ya`ni ikki oy davomida Yunusobod tuman hududida o`tkazilgan tezkor-qidiruv monitoring tadbirlarida rezina shlang yordamida qo`lbola isitish pechini ulab, issiqxonani isitish maqsadida o`zboshimchalik bilan tabiiy gazdan foydalanish holatlari aniqlandi. Bu issiqxonalar maydoni jami 1,56 gektar maydonni tashkil qilgan bo`lib, 37 ta xonadonda tashkil qilingani ma`lum bo`ldi. Bu haqda MIB matbuot xizmati xabar berdi.
Yuqoridagi tahlitda tabiiy gazdan foydalanish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari»ning 140-bandi hamda 2002 yil 28 martdagi 99-son qarori bilan tasdiqlangan «Gazni hisobga olish priborlarini sotib olish, ularni kvartiralarda va yakka tartibdagi uylarda o`rnatish va ulardan foydalanish tartibi to`g`risidagi Nizom»ning 44-bandiga ziddir.
Qayd etilishicha, qish mavsumida haroratning pasayishi oqibatida energiya resurslariga bo`lgan ehtiyoj keskin ortadi va ayrim iste`molchilar tomonidan tabiiy gaz tarmoqlariga o`zboshimchalik bilan ulanish va talon-toroj qilish holatlari ko`payishi kuzatiladi.
Jumladan, Yunusobod tumani Xo`jaobod 1-tor ko`chasi 13-uyda D.Ulug`xo`jaev, Ahrorobod ko`chasida yashovchi Z.Xudayberganova, M.Aliev ko`chasida yashovchi B.Sulaymanov, O.Mirhabibov ko`chasida yashovchi fuqaro S.A`zamov, Guliston ko`chasida yashovchi Z.Mahkamov va boshqalar tomonidan noqonuniy ravishda tashkil etilgan issiqxonalar aniqlanib, ushbu issiqxonalar ishlashi natijasida 194 010 metr kub tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanilganligi va buning natijasida davlat manfaatlariga 73 724 058 so`mlik moddiy zarar etkazilganligi qayd etildi.
Tadbirlar davomida etkazilgan zarar qoplanishiga erishildi.