Xalq ta`limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov jismoniy tarbiya o`qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari nima uchun boshqa viloyatlarda tashkil etilayotganligiga javob berdi.
Berilgan ma`lumotga ko`ra, 2018 yil 5 martda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni qabul qilingan.
Ushbu farmonga asosan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport bo`yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta`minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga berildi hamda Nukus, Samarqand, Farg`ona shaharlarida ularning filiallari tashkil etildi.
Shuningdek, farmonning 3-bandi, 2-xatboshisiga asosan, markaz maktabgacha ta`lim muassasalari, umumta`lim maktablari hamda o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari jismoniy tarbiya o`qituvchilari (instruktorlari), kafedra mudirlari, ta`lim muassasalari va sport tashkilotlari trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishi belgilab qo`yilgan.






