AsosiyJamiyat

O`n yoshli qiz yiqqan pullarini masjid qurilishi uchun ehson qildi

'O`n yoshli qiz yiqqan pullarini masjid qurilishi uchun ehson qildi'ning rasmi

Ma`lumki bugungi kunda binolari eskirgan, tor masjidlar yangi imkoniyatlar darajasida, ko`plab namozxonlarni sig`dira oladigan holatda yangidan qurilmoqda. Xalq hashari, qolaversa ixlosi baland ko`ngilli insonlarning qishli suronli kunlarida ham olib borayotgan mehnatlari bilan joylarda munavvar masjidlar qad ko`tarmoqda. Bu borada hamma harakatda: imkoniyati etgancha Allohning baytiga ehson qilib, oxirati uchun savob ishlab olish ilinjida. Yaqinda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi o`n yoshli qizcha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanida yangi qurilayotgan “Dorulomon” jome masjidi uchun o`zining maxsus idishchasida yig`ib qo`ygan barcha pulllarini ehson qildi. 

Maxsus video orqali bu haqda tarmoq foydalanuvchilariga e`lon qilinib, idishcha ichidagi pullar miqdori sanaldi. “Bu albatta kattalarni ham o`ylantiradigan holat. Yoshgina qizaloqning maktab va boshqa xarajatlari uchun ota-onasi bergan pullarini yig`ib, barini Allohning bayti uchun olib kelib berishi insonnni ta`sirlantiradi”, deydi Abdulhamid Jumanov.

Darhaqiqat, har qanday iymon egasini ta`sirlantiradigan voqea. Yoshgina bir qizaloq ko`plab katta insonlar qilmaydigan ishni qilmoqda. Allohning bayti uchun o`zidagi bor-budini, ya`ni ko`p vaqtdan beri asrab, yig`ib kelayotgan pullarini hadya etmoqda. Tengqurlari yig`gan pullariga o`zlariga yoqqan o`yinchoq yoki boshqa buyumni olayotgan bir vaqtda u esa oxirati uchun sarfladi... Aql yoshda emas, boshda, deydilar. Qizaloqning bu ishi esa ko`plab xayru saxovatdan g`ofil yurgan katta odamlar uchun ibrat bo`lsa ajab emas.  

    Boshqa yangiliklar