O`zbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi xabar qilishicha, Immigrasiya boshqarmasi bergan dastlabki ma`lumotlarga ko`ra hozirda Xubey provinsiyasida 166 nafar O`zbekiston fuqarosi doimiy asosda yashaydi, yanvar oyida provinsiyaga 14 ta vatandoshimiz tashrif buyurgan.
2020-yil 26-yanvar kuni Xitoy huquqni muhofaza qilish organlari Uxan shahri va unga yaqin joylashgan Xubey provinsiyasining boshqa shaharlarida istiqomat qiluvchilarning karantin hududidan chiqib ketishlariga yo`l qo`ymaslik bo`yicha choralarni kuchaytirgan. Rasmiy idoralar virusni yuqtirganlar, ayniqsa u erda bo`lib turgan xorijiy fuqarolar profilaktikasiga katta e`tibor qaratmoqda.
TIVning ma`lum qilishicha, elchixona Xitoyning tegishli hukumat idoralari bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi, hamyurtlarimizga konsullik-huquqiy yordam ko`rsatishda davom etmoqda va ular o`rtasida tushuntirish ishlari olib bormoqda, xususan ijtimoiy tarmoqlarga aholini sarosimaga soluvchi mish-mishlarni rad etuvchi videomateriallarni hamda zaruriy ehtiyot choralarini ko`rish bo`yicha eslatmalarni joylashtirmoqda.
Elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan o`zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor o`rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog`lanishni qat`iy tavsiya qiladi.
Hozirda Xitoy tomoni Uxan shahridan chet el, jumladan O`zbekiston fuqarolarini evakuasiya qilishga qo`yilgan taqiqni bekor qilgani yo`q.
Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi O`zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yaxyayev), +86 139 1175-4476 (Shuxrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug`bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tadi






