O`zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Qurolli Kuchlari kuch tuzilmalari bilan hamkorligida Xorazm viloyatining Bog`ot tumanida aholi yashash punktlari xavfsizligini ta`minlash bo`yicha qo`mondonlik-shtab va maxsus taktik o`quv mashg`ulotlarini o`tkazishdi. Bu haqda “Darakchi.uz”ga Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
O`quv mashg`ulotida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Shimoli-g`arbiy harbiy okrug, Davlat xavfsizlik xizmati va Chegara qo`shinlari qo`mondonliklari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo`linmalari, shuningdek mahalliy boshqaruv organlari va Sog`liqni saqlash boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
O`quvlarning birinchi kunida kuchishlatar tuzilmalar olingan shartli signal asosida tuman Ichki ishlar bo`limida tashkil etilgan hamkorlikdagi tezkor shtabida jamlanib, yuzaga kelishi mumkin bo`lgan keskin vaziyatni to`g`ri baholash, uni hamkorlikda bartaraf etish va tezkor tadbirlar olib borish bo`yicha qaror qabul qilish, bo`ysunuvchi bo`linmalarga vazifalar qo`yish kabi masalalarni ko`rib chiqishdi.
Ikkinchi kuni shartli noqonuniy qurollangan guruh a`zolarini qidirib topish maqsadida aholi yashash punktida tezkor-profilaktik tadbirlari o`tkazildi. Jumladan, mashg`ulotda ko`rib chiqilgan masala yuzasidan tumanning ichki va tashqi xalqalarida vaqtinchalik nazorat o`tkazish punktlari faoliyati yo`lga qo`yilib, ularda qo`riqlov va xavfsizlikni ta`minlash choralari ko`rildi. O`quv mashg`ulotlari shartiga ko`ra Bog`ot tumani “Oq-tepa” mahallasida “Tozalash-antiterror” tadbirlari olib borildi.
Uchinchi o`quv joyida kuchishlatar tuzilmalar ob`ektni kuch bilan egallagan shartli noqonuniy qurollangan guruhni qo`lga olish va garovga olinganlarni ozod qilish bo`yicha ko`rgazmali maxsus taktik mashg`ulotini o`tkazishdi. Shuningdek, mashg`ulot davomida qidiruv-qutqaruv, yong`inni o`chirish va yaradorlarga tez tibbiy yordam ko`rsatish kabi tadbirlar mutaxassislar tomonidan amalda namoyish etildi.
Mashg`ulotlarda Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalarida mavjud jangovar va maxsus texnikalardan foydalanildi.