1

Qishloq xo`jaligi vazirligining vakolatlari qayta ko`rib chiqiladi

Jamiyat 29.01.2020, 12:15
Qishloq xo`jaligi vazirligining vakolatlari qayta ko`rib chiqiladi

“O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ telegram kanali xabar bermoqda.

Qaror bilan O`zbekiston qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Shunga asosan, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab aholini don mahsulotlari bilan uzluksiz ta`minlash va narxlar keskin o`zgarishining oldini olish maqsadida intervension xaridlar tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

2021 yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, shu jumladan, boshoqli don xarid qilish va sotishda erkin raqobatni ta`minlaydigan bozor mexanizmlarini joriy etish;

oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash uchun davlat buyurtmasi tizimidan davlat zaxirasidan foydalanishga o`tish bo`yicha mexanizmni ishlab chiqish.

2020 yil 1 martdan paxta va boshoqli don etishtirishda band bo`lmagan maydonlarda tuproq-iqlim sharoitlari va bozor kon`yunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimi joriy etiladi.

2020 yil 1 apreldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent tumanlarida, Farg`ona viloyatining Farg`ona va Oltiariq tumanlarida hamda Qashqadaryo viloyatining Kitob va Nishon tumanlarida:

jismoniy va yuridik shaxslarga er uchastkalarini qishloq xo`jaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov o`tkazish orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi;

jismoniy va yuridik shaxslarga keyinchalik tanlovga qo`yish bo`yicha tashabbus ko`rsatish huquqini taqdim etgan holda maxsus geoportal orqali er uchastkasi to`g`risidagi ma`lumotlarni joylashtirish huquqi beriladi;

qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan erlardan foydalanish huquqining bozor qiymatini baholash hamda ulardan soliqqa tortishda foydalanish mexanizmi joriy etiladi.

Qarorga muvofiq, Qishloq xo`jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning vakolat va faoliyat yo`nalishlari funksional baholash mezonlari asosida qayta ko`rib chiqiladi.

2020 yil 1 mayga qadar etakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda sohada davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish bo`yicha choralar amalga oshiriladi.

2020 yil 1 martdan boshlab agrosanoat majmuiga kiruvchi ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba muassasalarining bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq to`lash bo`yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish shartlariga o`tkaziladi.

Qaror bilan 2020-2021 yillarda Davlat byudjeti hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o`tkaziladigan agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ro`yxati tasdiqlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1