AsosiyJamiyat

Abdulla Aripov koronavirus masalasida majlis o`tkazdi

'Abdulla Aripov koronavirus masalasida majlis o`tkazdi'ning rasmi

Bosh vazir Abdulla Aripov Xitoyda tarqalayotgan yangi turdagi koronavirus O`zbekistonga kirib kelishining oldini olish masalasida 28 yanvar kuni yig`ilish o`tkazgan. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari Bahodir Yusupaliev ma`lum qildi.

«O`zbekistonda hali bittayam holat bo`lmagan. Kecha Bosh vazir tomonidan komissiya yig`ilishi o`tkazildi. Har bir idora va tashkilotlar, shu jumladan, Sog`liqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Chegara qo`shinlariga topshiriqlar berildi», – dedi Yusupaliev 29 yanvar kuni Xalqaro press-klub sessiyasida.

Uning aytishicha, hozircha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti virus qaerdan kelib chiqqani haqida aniq xulosaga kelmagan.

«Bitta narsani bilishimiz kerak: koronavirus – havo tomchi yo`li bilan yuqadigan infeksiya. Aksirganda, yo`talganda bir-biriga o`tuvchi, odamdan odamga o`tishi mumkin bo`lgan infeksiya. Gripp bilan taqqoslasak, grippga o`xshagan havo tomchi infeksiyasi. Alohida ta`kidlashim kerak, grippda o`lim holatlari 2-4 foizni tashkil qiladi. Bu erda ham [koronavirusda] o`lim holatlari umumiy kasallanganlarga nisbatan 2-4 foizni tashkil qiladi.

Bu infeksiya bilan kurashishimiz mumkin. Birinchi navbatda gigiena talablari, qoidalarini bilishimiz va rioya etishimiz kerak. Bu degani, shamollagan odam niqob taqishi yoki uni alohidalash kerak. Tegishli dorilarni berib, simtomatik davolanadi. Bu davolanadigan kasallik», dedi vazir o`rinbosari.

Bahodir Yusupaliev aholini vahimaga tushmaslikka chaqirib, virus O`zbekistonga kirib kelishining oldini olish uchun etarli choralar ko`rilganini bildirdi.

«Chegaradagi sanitar-karantin  punktlarining faoliyati nazoratga olingan. Har bir punktga infeksionist biriktirilgan. Tegishli teplovizor bilan kirib kelayotganlarning tana harorati ko`tarilgan-ko`tarilmaganini bilamiz. Shundan kelib chiqib, birinchi tadbirlarni amalga oshirishimiz mumkin bo`ladi.

Keyingi masala, har bitta tibbiyot muassasasida zaxira o`rinlar, dori-darmonlar tayyorlab qo`yilgan», – dedi Sog`liqni saqlash vazirining birinchi o`rinbosari.

    Boshqa yangiliklar