Koronavirus tarqalgan ko`plab shaharlarda yuz niqoblari etishmasligi haqida xabar berilmoqda. Sababi, ko`p odamlar o`zlarini «o`ta yuqumli» bo`lgan ushbu infeksiyadan himoya qilishga harakat qilmoqdalar.
Biroq, ko`pchilik bilmaydigan narsa shuki, koronavirusning yangi turi – 2019- nCoV havo orqali yuqadi va shuning uchun yuz niqobini taqish undan saqlanish uchun etarli emas, deya ma`lumot berdi Finlyandiyaning havo tozalashga ixtisoslashgan “Genano” kompaniyasi.
«Hatto HEPA filtrli niqoblari ham virusdan munosib himoyani ta`minlamaydi, chunki ular 0,3 um gacha kattalikdagi infeksiyani o`tkazmaydi. Koronavirusning hajmi esa 0,1um dir (0,001 millimetr)», dedi “Genano” menejeri Mia Shauman.
Finlyandiya kompaniyasi Xitoyda virusning tarqalishini to`xtatishga yordam berish uchun Jiangsu, Xubey va Guangdong provinsiyalaridagi kasalxonalarga havoni zararsizlantiruvchi jihozlar etkazib berib, Xitoy hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
«Xitoy biz bilan birinchi bor aloqa qilganida, vaziyat o`ta og`ir edi va biz 24 soat ichida 200 dan ortiq jihozni jo`natdik», dedi Shauman.
«Bizning Finlyandiyadagi korxonamiz ko`proq jihoz etkazib berish uchun tun-u kun ishlamoqda», deya qo`shimcha qildi u.
Xitoyning markaziy Uxan shahrida paydo bo`lgan halokatli virus hozirgacha 20 ta mamlakat bo`ylab tarqalib, 170 kishining hayotiga zomin bo`ldi. Yana 8000 kishi koronavirusni yuqtirgani aytilmoqda.






